Yangiliklar

Ash-Shara Putin bilan uchrashuvda Bashar Asadni topshirishni so‘radi

Uchrashuv Moskva shahrida bo‘lib o‘tdi
Ash-Shara Putin bilan uchrashuvda Bashar Asadni topshirishni so‘radi / Foto: Briefly

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara o‘rtasida ikki yarim soat davom etgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va harbiy hamkorlik hamda Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokama qilindi. Bu haqda TRT nashri ma’lum qildi.

Ash-Shara «yangi Suriya» barpo etish va mamlakatda barqarorlikni ta’minlashda Rossiya bilan hamkorlikni muhim deb atadi. Putin esa ikki davlat o‘rtasida 80 yildan ortiq davom etayotgan do‘stona aloqalarni eslab o‘tdi.

Uchrashuvda Xmeymim va Tartusdagi Rossiya harbiy bazalarining kelajagi ham muhokama qilingan. Suriya tomoni bu bazalarning faol harbiy rolini kamaytirib, ularni ramziy darajada saqlab qolishni istamoqda.

Ahmad ash-Shara uchrashuv davomida sobiq prezident Bashar Asad masalasini ham ko‘tardi. Siyosiy tahlilchilar fikricha, Rossiyaning uni yangi hukumatga topshirishi ehtimoli juda past. Biroq ushbu masala kelgusida Moskva va Damashq o‘rtasidagi muzokaralarda muhim mavzu sifatida saqlanib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya 14 yildan so‘ng ilk bor neft eksport qilgani haqida yozgan edik.