Yangiliklar

«Baliq qarma» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi

Uning tarkibida pishirilgan baliq, sho‘rva, mayda bo‘laklangan quritilgan xamir hamda sabzavotlar bor
«Baliq qarma» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
«Baliq qarma» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xos «Baliq qarma» milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Bu taom Orol dengizi va Amudaryo deltasi atrofidagi qadimiy ovqatlanish an’analari asosida shakllangan bo‘lib, baliqchilik bilan chambarchas bog‘liq.

«Baliq qarma» tarkibiga pishirilgan baliq, sho‘rva, mayda bo‘laklangan quritilgan xamir hamda sabzavotlar kiradi. Sho‘rvaning yuzasidan olingan yog‘ mayda to‘g‘ralgan piyoz ustiga quyilib, taomga o‘ziga xos ta’m beradi.

«Baliq qarma»ning geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi uning nomi va tayyorlash usulini huquqiy jihatdan himoya qiladi, sifat standartlarini belgilaydi hamda Qoraqalpog‘istonning gastronomik brendini targ‘ib etish imkonini kengaytiradi.

Bundan avval «Samarqand mayizi» davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi. Unga ko‘ra, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida o‘tkazilgan Mayiz sayli festivali doirasida «Samarqand mayizi» geografik ko‘rsatkichi va «Qo‘shrabot mayizi» tovar belgisi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.