Avto

Chevrolet Cobalt avtomobilining servis va texnik xizmat xarajatlari qanday

Cobalt yonilg‘i sarfi jihatidan o‘rtacha ko‘rsatkichlarga ega
Chevrolet Cobalt
Chevrolet Cobalt avtomobilining servis va texnik xizmat xarajatlari qanday / Rasm SI yordamida yaratilgan

Chevrolet Cobalt – O‘zbekiston yo‘llarida eng ko‘p uchraydigan oilaviy sedanlardan biri. 2020 – 2025-yillar oralig‘ida bu model arzonligi, ishonchliligi va texnik xizmat xarajatlarining pastligi bilan mashhurlikka erishdi. Cobalt’ning 1,5 litrli benzin dvigateli oddiy, ammo mustahkam tuzilishga ega. Unga vaqtida xizmat ko‘rsatilsa, 350 ming kmgacha kapital ta’mir talab qilmaydi. Kursiv Uzbekistan nashrining quyidagi maqolasida Chevrolet Cobalt avtomobilining servis va texnik xizmat xarajatlari haqida so‘z boradi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Yillik texnik xizmat xarajatlari

Chevrolet Cobalt
Foto: Ochiq manba

Cobalt avtomobiliga muntazam texnik xizmat ko‘rsatish uning uzoq muddat xizmat qilishida muhim ahamiyatga ega. Odatda har 10 ming kilometrda yoki yiliga bir marta moy va filtrlarni almashtirish tavsiya etiladi. Ammo O‘zbekistonning issiq iqlimi va yo‘l sharoitlarini inobatga olgan holda, ko‘plab haydovchilar moyni 5 – 7 ming kilometrda yangilashni ma’qul ko‘rishadi.

Moy va filtrlarni almashtirish o‘rtacha 500 – 900 ming so‘mga tushadi. Bundan tashqari, havo va salon filtrlarini yiliga bir marta yangilash kerak bo‘ladi. Bu esa qo‘shimcha 500 ming so‘m atrofida xarajatni tashkil etadi.

Tormoz kolodka / Foto: Uzum

Antifriz va tormoz suyuqligi odatda 2-3 yilda bir marta almashtiriladi. Agar avtomobil avtomat uzatma (AT) bilan jihozlangan bo‘lsa, uning moyi har 50 – 60 ming kilometrda yangilanadi.

Umuman olganda, Cobalt’ni yaxshi texnik holatda ushlab turish uchun yiliga 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha mablag‘ ajratish yetarli bo‘ladi. Bu nafaqat avtomobilning ishonchliligini saqlaydi, balki kutilmagan nosozliklarning oldini ham oladi.

Tez-tez uchraydigan ta’mirlar va ularning narxlari

Foto: SI

Cobalt konstruksiyasi oddiy va ishonchli bo‘lgani uchun jiddiy nosozliklar kam kuzatiladi. Shunga qaramay, ayrim qismlar vaqti-vaqti bilan tabiiy eskirish tufayli almashtiriladi.

Masalan, tormoz kolodkalari har 20 – 30 ming kilometrda yangilanishi kerak bo‘ladi. Ularning narxi o‘rtacha 300 mingdan 700 ming so‘mgacha. Akkumulyator odatda 3-4 yil xizmat qiladi, uning qiymati esa 800 mingdan 1 mln so‘mgacha bo‘lishi mumkin.

Cobalt ehtiyot qismlari / Foto: Olcha

Amortizatorlar 80 – 100 ming kilometrdan so‘ng almashtiriladi va bitta detalning o‘rtacha narxi 700 mingdan 1,4 mln so‘mgacha turadi. Shinalar esa 40 – 50 ming kilometr yurgandan keyin yangilanadi, to‘plam narxi 1,2-2 mln so‘m atrofida.

Shuningdek, ustaxonada ta’mirlash ishlari uchun qo‘shimcha ish haqi ham olinadi. U xizmat turiga qarab 50 mingdan 200 ming so‘mgacha farqlanadi.

Umuman olganda, Cobalt’ni ekspluatatsiya qilish arzon avtomobillar qatoriga kiradi. To‘g‘ri parvarish va o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatish orqali uni uzoq yillar davomida muammosiz haydash mumkin.

Samarqandlik Azim Rajabov 7 yildan buyon Cobalt haydaydi. Uning aytishicha, modeldan foydalanish xarajatlari arzon.

«Ochig‘ini aytsam Cobalt’dan foydalanish Gentra yoki Trakcer’ga qaraganda arzonroq. Uzoq yo‘lga ham yaxshi», — deydi u.

Ehtiyot qismlar va servis tanlovi

Chevrolet Cobalt avtomobili
Rasm SI yordamida yaratilgan

Cobalt O‘zbekistonda ishlab chiqarilgani bois ehtiyot qismlar keng tarqalgan va arzon. Uning dvigateli Nexia 3 va Gentra modellari bilan bir xil, shuning uchun ko‘plab qismlar o‘zaro mos tushadi.

  • Mahalliy qismlar: 30 – 50 ming so‘m (filtrlar, mayda detallar).
  • Original GM qismlar: biroz qimmatroq, lekin sifat kafolatlangan.
  • Rasmiy servis: narxi 10 – 20% yuqori, ammo kafolatli.
  • Xususiy ustaxonalar: arzonroq, lekin tajribali ustani tanlash muhim.

Misol uchun, original tormoz kolodkasi 400 ming so‘m, muqobil sifatli analog esa 180 ming so‘m atrofida topiladi.

Yonilg‘i tejamkorligi va ekspluatatsiya xarajatlari

Cobalt yonilg‘i sarfi jihatidan o‘rtacha ko‘rsatkichlarga ega. Avtomobil uchun AI-91 benzini tavsiya etiladi. AI-80 benzindan foydalanish dvigatel shikastlanishiga olib kelishi mumkin.

Ko‘pchilik haydovchilar gaz (CNG yoki LPG) o‘rnatishni tanlamoqda. Uskuna o‘rnatish 8 – 10 mln so‘m tursa-da, har 100 km uchun yoqilg‘i xarajati bir necha baravar arzon tushadi. Agar siz tez-tez harakat qilsangiz, gaz tizimi 1-2 yilda o‘zini oqlaydi.

Yana bir suhbatdoshimiz Matlab Erkinov Cobalt’ni 4 yildan buyon metan gaz yordamida haydaydi.

«Benzin qimmatlik qiladi ba’zida. Rostini aytsam, benzindan qishda foydalanaman. Gazga navbat ko‘paygan payti. Yozda 80 ming so‘mlik gaz 200 kmga yetadi», — deydi u.

Xarajatni kamaytirish bo‘yicha foydali tavsiyalar

Foto: Chevrolet
  • Servis tanlashda diqqatli bo‘ling: kafolatdagi mashina uchun rasmiy servis, boshqalar uchun esa ishonchli ustaxona tanlang.
  • Ehtiyot qismlarni to‘g‘ri tanlang: original har doim ham yagona yechim emas – sifatli muqobillarni izlang.
  • Yoqilg‘i va moy sifatiga e’tibor bering: past oktanli benzin va arzon moydan saqlaning.
  • Muntazam profilaktika o‘tkazing: har 5 – 10 ming kmda moyni, filtrlarni almashtiring.
  • Haydash uslubini yaxshilang: silliq yurish, sekin tormozlash – yonilg‘i va tormoz tizimini asraydi.
  • Budjet tuzing: har oy servis, sug‘urta va ta’mir uchun zaxira mablag‘ ajrating.
  • Cobalt jamoalariga qo‘shiling: onlayn guruhlar orqali foydali maslahat va chegirmalarni topish mumkin.

Avvalroq yangilangan Cobalt narxlari va uning texnik xususiyatlari haqida yozgan edik.