Donald Tramp va Vladimir Putin Budapeshtda uchrashuv o‘tkazadi

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Budapeshtda uchrashib, Ukraina urushi masalasini muhokama qiladi. Bu haqda CNN agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, mazkur qaror ikki yetakchi o‘rtasidagi ikki yarim soatlik telefon suhbati ortidan e’lon qilindi. Tramp bu muloqotni «juda samarali» deb atadi.
Trampning aytishicha, u juma kuni Oq uyda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, Putin bilan bo‘lgan suhbat tafsilotlarini muhokama qiladi. Shuningdek, AQSh davlat kotibi Marko Rubio yaqin kunlarda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashadi.
Kreml vakili Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, Putin Budapeshtda tinchlik sammitini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan va suhbatni «ochiq va samarali» deb baholagan.
Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Putinning Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilgani uchun AQShni tabriklaganini aytdi hamda bu muvaffaqiyat Ukraina mojarosini hal qilishga ham yordam berishini ta’kidladi.
Uchrashuvga tayyorgarliklar allaqachon boshlangan, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban esa «Budapesht — tinchlik oroli» deya bayonot berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh universitetlari Tramp ma’muriyatining taklifini rad etgani haqida yozgan edik.