
RIA Novosti o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, oq nonning eng qimmat narxi Jibutida, eng arzon narxi esa Jazoirda qayd etildi.
Jibutida bir dona oq non batoni taxminan 134 ming so‘mga teng. Bu mamlakat oziq-ovqat, jumladan, bug‘doy importiga kuchli bog‘liqligi bilan izohlanadi. Qimmat narxlar bo‘yicha keyingi o‘rinlarda Bermud orollari (≈103 ming so‘m), Kayman orollari (≈76 ming so‘m), Monako (≈64 ming so‘m) va Bagama orollari (≈63 ming so‘m) joylashgan.
Eng arzon non esa Jazoirda sotiladi – atigi 2100 so‘m. Bu narx davlat subsidiyalari hisobiga ushlab turilmoqda. Shuningdek, arzon nonli davlatlar orasida Tunis (≈2300 so‘m), Esvatini (≈2400 so‘m), Afg‘oniston (≈3000 so‘m) va Liviya (≈3400 so‘m) ham bor.
Markaziy Osiyo davlatlarida ham non nisbatan arzon: O‘zbekistonda o‘rtacha narx 4800 so‘m, Qirg‘izistonda 5100 so‘m, Qozog‘istonda 5300 so‘m, Ozarbayjonda esa 5500 so‘m atrofida.
Rossiyada oq nonning o‘rtacha narxi 8700 so‘m bo‘lib, mamlakat 35-o‘rinni egallagan. Belarus esa 42-o‘rinda (≈9500 so‘m).
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Zomin qozon patiri geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi.