Fransiya va Britaniya G‘azo bo‘yicha BMT rezolyutsiyasi ustida ishlamoqda

Fransiya va Buyuk Britaniya, AQSh bilan hamkorlikda, G‘azo sektorida xavfsizlikni barqarorlashtirish uchun xalqaro kuch tuzishga doir BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi loyihasini tayyorlamoqda. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Reja Isroil va Hamas o‘rtasida AQSh vositachiligida o‘rnatilgan sulh fonida ishlab chiqilmoqda. Diplomatlarga ko‘ra, bu kuchlar rasmiy BMT tinchlikparvar missiyasi bo‘lmaydi, biroq unga ayrim davlatlar, jumladan, Indoneziya, BAA, Misr, Qatar va Ozarbayjon qo‘shilishi mumkin.
Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto mamlakati BMT rezolyutsiyasi qabul qilinsa, 20 ming askar yuborishga tayyorligini bildirdi. Loyihaning maqsadi – urushdan keyingi G‘azoda xavfsizlikni ta’minlash va tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlashdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya G‘azoga $27 millionlik gumanitar yordam ajratishi haqida yozgan edik.