Haj uchun yangi talablar, O‘zbekiston iqtisodiyoti, passport reytingi va Timur Kapadze — 16-oktabr kungi muhim xabarlar dayjesti


Saudiya Arabistoni Haj ziyorati uchun yangi talablarni joriy etdi
Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi 2026-yilgi haj mavsumida faqat «Nusuk» platformasi orqali tibbiy sog‘lomlik guvohnomasiga ega bo‘lgan ziyoratchilarga haj vizasi berilishini ma’lum qildi.

Poytaxtdagi yana o‘nta ko‘chada yangi yo‘nalishlar tashkil etiladi
Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrini rivojlantirish, sanoat va transport infratuzilmasini takomillashtirish masalalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Nestlé 16 ming nafar xodimni qisqartirishni rejalashtirmoqda
Dunyoning eng yirik oziq-ovqat ishlab chiqaruvchisi Nestlé xarajatlarni kamaytirish va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish maqsadida kelgusi ikki yil ichida 16 ming nafar xodimni qisqartirishini e’lon qildi.

Timur Kapadze Indoneziya termasini boshqarishi mumkin
Yaqinda Fabio Kannavaroga o‘rnini bo‘shatib bergan Timur Kapadze Indoneziya termasi bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod bo‘lib turibdi.

Joriy yilda O‘zbekistonda 155 ta qiz erta turmushga berilgan
Yil boshidan buyon O‘zbekistonda 15–17 yosh oralig‘idagi qizlar o‘rtasida 155 ta nikoh holati qayd etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov ma’lum qildi.

2025-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,8 foizga o‘sadi — XVJ
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) 2025-yil uchun O‘zbekiston bo‘yicha yangilangan iqtisodiy prognozini e’lon qildi. Fondning oktabr hisobotiga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YIM) 2025-yilda 6,8 foizga o‘sishi kutilmoqda. 2026-yilda esa o‘sish sur’ati 6 foiz atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Jahon banki O‘zbekistonga 800 mln dollar ajratadi
Jahon banki O‘zbekistonga $800 mlnlik imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston pasporti Henley reytingida 10 pog‘onaga pastladi
2025-yil 16-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Henley Passport Index reytingida 72-o‘rindan 82-o‘ringa tushdi. Bu bir oy ichida mamlakat pozitsiyasi o‘nta pog‘onaga pasayganini anglatadi.

Yangi xalqaro aeroport 2029-yilda foydalanishga topshiriladi
Janubiy Koreyaning The Korea Herald nashri xabariga ko‘ra, Toshkentda barpo etilayotgan yangi xalqaro aeroport 2029-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha bo‘yicha maslahat va texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini Incheon International Airport Corporation (IIAC) amalga oshiradi.