
Avtomobil tanlashda xaridorlar uchun texnik ko‘rsatkichlar, dizayn va narx muhim bo‘lsa-da, haqiqiy bahoni vaqt o‘tib avtomobil egalari beradi. Yaqinda Consumer Reports tadqiqotiga asoslangan SlashGear nashri haydovchilar eng ko‘p mamnun bo‘lgan 5 avtomobil ro‘yxatini e’lon qildi.
Ford Bronco

Ford Bronco o‘zining ixcham, ammo kuchli konstruksiyasi bilan egalarining ishonchini qozongan. Model hatto og‘ir yo‘l sharoitlarida ham o‘zini ishonchli tutadi. Avtomobilning eng muhim jihatlaridan biri — olib tashlanadigan eshik va tom qismi. Bu esa unga sarguzasht avtomobili ruhini beradi. Shu bilan birga, Bronco kundalik foydalanish uchun ham qulay bo‘lib, interyeri amaliy va qulaylik darajasi yuqori. Egalarining fikricha, turli komplektatsiyalar tanlovi har kimga mos variantni topish imkonini beradi.
Subaru Outback

Subaru Outback o‘z egalarini yuqori darajadagi qulaylik bilan hayratda qoldirgan. Modelning to‘liq uzatma tizimi uni yo‘ltanlamas sinfiga yaqinlashtiradi, shuningdek, baland yo‘l bo‘yi avtomobilni tog‘li va qishki sharoitlarda ham ishonchli qiladi. Oddiy versiyalarda 227 mm, Wilderness versiyasida esa 237 mm klirens mavjud bo‘lib, bu ko‘plab raqiblarga nisbatan ustunlik beradi.
Toyota Highlander Hybrid

Toyota Highlander Hybrid yapon brendining eng mashhur oilaviy krossoverlaridan biri hisoblanadi. Uning gibrid tizimi yoqilg‘i sarfini kamaytirib, uzoq masofalarga qulay sayohat qilish imkonini beradi. Egalarining fikriga ko‘ra, model nafaqat tejamkor, balki ishonchli va uzoq muddatli foydalanishga mo‘ljallangan. Yoqimli yurish dinamikasi va ichki makonning kengligi uni oilaviy avtomobillar orasida yetakchi o‘ringa olib chiqadi.
Lincoln Nautilus Hybrid

Amerikalik ishlab chiqaruvchi Lincoln o‘zining Nautilus Hybrid modeli orqali premium darajadagi qulaylikni taqdim etadi. Interyerdagi hashamatli bezaklar va keng yukxona avtomobilni uzoq safarlar uchun ideal tanlovga aylantiradi. Eng e’tiborga loyiq jihat — bu modelda o‘rnatilgan BlueCruise yarim avtonom boshqaruv tizimi, u haydovchiga xavfsizroq va qulayroq yurish imkonini beradi.
Acura MDX

Acura MDX premium segmentda eng muvaffaqiyatli modellar qatorida turadi. Egalarining fikriga ko‘ra, bu model nafaqat nafis ko‘rinishga ega, balki haydovchi uchun maksimal funksionallikni ham ta’minlaydi. U oilaviy sayohatlar, ish safari yoki shahar harakati uchun ham mos. Modelning Type S sport versiyasi esa yanada kuchli dvigatel va sportga xos dinamikani taklif etadi.
Tadqiqot natijalari nimani ko‘rsatdi
Tahlil natijalariga ko‘ra, bu besh model o‘z egalari orasida eng yuqori darajadagi mamnunlikni ta’minlagan. Shu bilan birga, Jeep Compass, Volkswagen Taos va Mazda CX-90 PHEV modellari egalarining aksariyatida salbiy fikr uyg‘otgan. Eng past reyting esa Jeep Grand Cherokee PHEV gibrid yo‘ltanlamasiga berilgan.
Avvalroq Chevrolet Cobalt avtomobilining servis va texnik xizmat xarajatlari haqida yozgan edik.