Kamila Mahmudova Raiffeisen Bank International’ning moliyaviy direktori etib tayinlandi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Kamila Mahmudova 2007-yildan beri RBI tizimida ishlaydi
Foto: RBI

O‘zbekistonlik mutaxassis Kamila Mahmudova Avstriyaning Raiffeisen Bank International (RBI) bankida moliyaviy direktor (CFO) lavozimiga tayinlandi. U yangi vazifasini 2026-yil 1-yanvardan boshlab bajarishni boshlaydi.

Kamila Mahmudova 2007-yildan beri RBI tizimida ishlaydi. 2021-yil oxiridan buyon u Chexiyadagi Raiffeisenbank boshqaruvida moliyaviy direktor lavozimini egallab kelgan. Endi u RBI boshqaruvining to‘laqonli a’zosi sifatida direktorlar kengashida alohida moliyaviy bo‘linmani boshqaradi.

Tayinlov bankning nazorat organlari tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda.

Mahmudova 1997-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Shuningdek, u AQSh va Avstriyadagi nufuzli o‘quv muassasalarda – Illinoys kolleji, Vena iqtisodiyot universiteti, Karlson menejment maktabi va Garvard biznes maktabida tahsil olgan.

U o‘z faoliyatini 1999-yilda Davlat mulki qo‘mitasida boshlagan, keyin Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC)da konsultant bo‘lib ishlagan. RBI’da esa 2007-yildan buyon turli rahbarlik lavozimlarida ishlab, 2019-yilda «Korporativ rivojlanish va strategik boshqaruv» yo‘nalishini boshqargan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Uzum Bank boshqaruviga yangi rahbar tayinlangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek