Yangiliklar

Kasb kasalliklariga oid yagona tizim, ayollar manfaatini himoya qilish va mahalla bilan hamkorlik — prezident ilgari surgan takliflar

Prezident mehnat jarayonida sodir bo‘ladigan baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar bo‘yicha yagona elektron tizim yo‘qligini ta’kidladi
Mehnat jarayonidagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklariga oid yagona tizim yaratiladi
Mehnat jarayonidagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklariga oid yagona tizim yaratiladi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Mehnat jarayonidagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklariga oid yagona tizim yaratiladi. Bu haqda davlat rahbari kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Uchrashuvda mehnat jarayonida sodir bo‘ladigan baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar bo‘yicha yagona elektron tizim yo‘qligi qayd etildi. Shu sababli, mas’ul vazirliklarga kasaba uyushmalari bilan birgalikda ushbu hodisalar hisobini yuritish, sabablari va yechimlarini tahlil qilish tizimini ishlab chiqish hamda hukumatga taklif kiritish topshirildi.

Kasaba uyushmalari so‘nggi besh yil ichida korxonalarda 152 mingta qonunbuzarlik holatini aniqlagan. Shu bilan birga, uch yil davomida sudlarda 48 mingdan ortiq mehnat nizolari ko‘rib chiqilgan. Prezident bu borada kasaba uyushmalarining ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal etishda vositachilik qilishini maqsadga muvofiq deb topdi.

Kasaba uyushmalari ayollar manfaatini himoya qilish yo‘lida yangi tizim yo‘lga qo‘yadi

Kasaba uyushmalari ayollar manfaatini himoya qilish yo‘lida yangi tizim yo‘lga qo‘yadi. Foto: prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari uyushmalarining ayollarni qo‘llab-quvvatlashdagi faoliyatini yuqori baholab, bu borada yangi tizim joriy qilishni taklif etdi.

Kasaba uyushmalari «Ayollar daftari» orqali 4,5 milliondan ortiq ehtiyojmand va kam ta’minlangan ayollarga yordam bergan. Endilikda «Kasaba uyushmalari — ayollar manfaatini himoya qilish yo‘lida» shiori ostida yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur tizim doirasida ayollarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, mehnat bozorida ular uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, «Ayollar daftari» orqali uy-joy sharoitini yaxshilashga, tibbiy, psixologik va huquqiy yordamga muhtoj, zo‘ravonlikka uchragan ayollarni qo‘llab-quvvatlash, qishloqlarda ayollar bandligi va tadbirkorligini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Kasaba uyushmalari mahallalar bilan hamkorlikda ishlaydigan tizim yaratiladi

Kasaba uyushmalari mahallalar bilan hamkorlikda ishlaydigan tizim yaratiladi. Foto: «Yangi O‘zbekiston»

Shavkat Mirziyoyev Kasaba uyushmalari mahallalar bilan hamkorlikni kuchaytirishi lozimligini va bu yo‘nalishda yangi tizim yo‘lga qo‘yish kerakligini ta’kidladi.

Bugungi kunda olti millionga yaqin aholi o‘zini o‘zi band qilib, daromad topmoqda. Dasturchi, veb-dizayner, hunarmand, taksi haydovchisi va kuryer kabi kasblarda ko‘plab fuqarolar, ayniqsa ayollar, masofadan ishlashni o‘zlashtirgan. Mahallalarni «drayver» sohalarga ixtisoslashtirish orqali 1,5 million oila o‘z uyida ishlab, daromad olmoqda.

Endi kasaba uyushmalari ham mahallalar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydigan samarali tizimni yo‘lga qo‘yadi. Bandlik vazirligiga kasaba uyushmalari bilan birgalikda platformalarda ishlovchilar mehnat huquqlarini himoya qilish, ularning xavfsizligini ta’minlash va sug‘urtalash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Avvalroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda yangicha yondashuv bo‘lishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, kelgusi yildan boshlab bu jarayonga Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi va Ish beruvchilar konfederatsiyasi ham jalb qilinadi.