
Raqobat qo‘mitasi va Markaziy bank «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 43-moddasiga o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqda. Unga ko‘ra, kredit va mikroqarzlar reklamasining kamida 10 foizi moliyaviy xavflar haqida ogohlantirishga ajratiladi.
O‘zbekiston bozorida mikroqarz va iste’mol kreditlariga talab ortib bormoqda. Shu bilan birga, ayrim kredit tashkilotlarining agressiv reklamalari aholining tez va oson qarz olishga undashiga sabab bo‘lmoqda. Natijada fuqarolarning qarz yuki ham keskin oshmoqda.
Reklamalarda, asosan, kredit olish qulayligi ta’kidlanadi, ammo moliyaviy xavflar haqida yetarli ma’lumot berilmaydi. Bu esa aholining keyinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Tashabbus aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, ongli qarz olish madaniyatini shakllantirish va ortiqcha qarz yuki oldini olishga qaratilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kredit kartalardan asossiz undirilgan foiz va komissiyalar bo‘yicha Markaziy bankka so‘rov yuborilgani haqida xabar bergan edi.