
Harbiy to‘ntarishdan bir necha kun o‘tib, Madagaskar qurolli kuchlari polkovnigi Maykl Randrianirina mamlakatning yangi prezidenti sifatida qasamyod qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
U mamlakatdan qochib ketgan va keyinchalik impichmentga uchragan sobiq prezident Andri Raxuelinaning o‘rnini egalladi. Qasamyod marosimi poytaxt Antananarivuda joylashgan Konstitutsiyaviy sud binosida o‘tkazildi. Tadbirda namoyishlarni boshqargan yoshlar harakati vakillari ham ishtirok etdi.
Prezident Randrianirina nutq so‘zlab, yosh avlodga o‘zgarish talab qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
«Bugungi kun mamlakatimiz tarixidagi burilish nuqtasidir. Sizlarning o‘zgarish istagingiz bizga kuch bag‘ishlaydi», – dedi u.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Madagaskarda harbiylar hokimiyatni egallagani haqida xabar bergan edi.