
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda yangicha yondashuv bo‘ladi. Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuvda uyushmalar faoliyatini rivojlantirish va mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha yangi vazifalarni belgilab berdi.
Davlat rahbari ta’kidlashicha, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori har yili oshirilmoqda, ammo bu jarayon ko‘pincha faqat davlat idoralari hisob-kitobi asosida amalga oshirilmoqda.
Shu bois kelgusi yildan boshlab bu jarayonga Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi va Ish beruvchilar konfederatsiyasi ham jalb qilinadi. Bu xodimlarning manfaatini yanada samarali himoya qilish imkonini beradi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, inson qadri faqat ish haqi bilan emas, balki ijtimoiy sharoitlar – uy-joy, sifatli ta’lim, tibbiyot va transport xizmatlari bilan ham belgilanadi. Shu sababli, xodimlarning munosib hayot kechirishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratish muhim.
Avvalroq Kasaba uyushmalarida nohaq ishdan bo‘shatilgan 13 ming xodim ishiga tiklangani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, so‘nggi yillarda 500 mingga yaqin xodimlarning huquqlari himoya qilinib, ular foydasiga 267 milliard so‘m undirilgan.