
O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda «Munosib mehnat» dasturini tayyorlamoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuvda xabar berdi.
Ushbu dastur 2030-yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi – fuqarolar uchun adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishdan iborat.
Dasturda mehnat huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy sug‘urta, gender tengligi, yoshlar va inklyuzivlik masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va «yashil» iqtisodiyot sharoitida mehnat munosabatlarini zamon talablariga moslashtirish rejalashtirilgan.
Har bir hududda yangi sanatoriy va oromgohlar qurilishi bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi
Prezident hokimlarni kasaba uyushmalari bilan hamkorlikda har yili o‘z hududida bittadan zamonaviy sanatoriy va oromgohlar qurish dasturini ishlab chiqishga chaqirdi.
Davlat rahbari bu tashabbus orqali aholining sog‘lom dam olishi va farzandlarining oromgohlarda vaqtini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Hozirgi kunda kasaba uyushmalari tizimidagi 30 dan ortiq sanatoriy va 100 dan ziyod bolalar oromgohi xodimlar va ularning farzandlari salomatligini tiklash uchun xizmat qilmoqda. So‘nggi besh yilda bu maskanlarda qariyb 900 ming kishi sog‘lig‘ini tikladi, 800 ming bola esa oromgohlarda dam oldi.
Avvalroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda yangicha yondashuv bo‘lishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, kelgusi yildan boshlab bu jarayonga Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi va Ish beruvchilar konfederatsiyasi ham jalb qilinadi.