
Dongfeng Nissan kompaniyasi tomonidan Nissan Teana avtomobili Huawei HarmonyOS tizimi bilan taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Modellar 16-oktabr kuni Brand Night tadbirida namoyish qilingan. Yangi Teana modeli 2025-yilning so‘nggi choragida sotuvga chiqadi. Uning narxi 170 ming yuan ($24 ming) bo‘lishi kutilmoqda. Avtomobil 2.0T VC-Turbo dvigateli (243 ot kuchi, 179 kVt) va CVT uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. U V-Motion dizayn tili asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, yangi mat kulrang rang varianti, LED proyektor faralar va 17 yoki 19 dyuymli disklar bilan ta’minlangan.

Salonda Huawei’ning HarmonySpace 5 tizimi va Huawei Sound audiosi o‘rnatilgan. Teana o‘lchamlari: uzunligi 4920 mm, kengligi 1850 mm, balandligi 1447 mm, g‘ildirak bazasi esa 2825 mm.



Bundan tashqari, kompaniya o‘rta o‘lchamdagi yangi gibrid sedan — Nissan N6 modelini ham tanishtirdi. U 1,5 litrli benzin dvigateli (75 kVt) va elektromotor kombinatsiyasiga ega. 21,1 kVt/soat batareya bilan faqat elektrda 130 km masofani bosib o‘tadi.

Nissan, shuningdek, 2026-yilda sport modeli Nissan Z Nismo’ni Xitoy bozorida taqdim etishni ham rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Nissan yangi arzon elektromobilni taqdim etgani haqida yozgan edi. Leaf B5 2026-yil fevralda savdoga chiqadi. U 55 kVt/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi va kengroq xaridorlar uchun qulay narxda taklif etiladi.