
Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 24-oktabr kuni Bryusselga rasmiy tashrif bilan boradi. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
Tashrif davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) imzolanishi kutilmoqda. Ushbu kelishuv siyosiy muloqot, savdo, xavfsizlik, ekologiya va barqaror rivojlanish sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
EPCA bitimi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalarni zamonaviy va keng qamrovli huquqiy asosda mustahkamlashga qaratilgan. Bitim besh strategik yo‘nalishni o‘z ichiga oladi: siyosiy muloqot va islohotlar, tashqi siyosat va xavfsizlik, adliya va migratsiya, savdo hamda barqaror rivojlanish.
Kelishuv doirasida ikki tomon demokratiya, inson huquqlari, qonun ustuvorligi va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi.
Yevropa Kengashi prezidenti Antonio Kosta O‘zbekiston mustaqilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigida Bryusseldagi bo‘lajak uchrashuvning ahamiyatini alohida ta’kidladi:
«Men 24-oktabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvimizni intiqlik bilan kutyapman. Biz bu safar Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimini imzolaymiz», – degan Kosta.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuvda «Kasaba uyushmalari bog‘lari»ni har bir hududda tashkil etish taklifini ilgari surgani haqida yozgan edi.