Banklar va moliya

O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi 8,8 mln so‘mdan oshdi

Jahon bozorida ham oltin narxi yuqori o‘sishni qayd etib, bir troya unsiyasi uchun $4361,98 ga yetdi
Oltin quymalar narxi yana rekord qayd etdi
O‘zbekistonda ilk bor 5 grammli oltin quyma narxi 8,8 mln so‘mdan oshdi. Foto: Pexels.com

17-oktabr kuni oltin quymalar narxi rekordni yana bir bor yangiladi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

Regulyator xabariga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha o‘sdi. Xususan, 5 grammli quyma 8,483 mln so‘mdan 8,801 mln so‘mga, 10 grammli quyma 16,966 mln so‘mdan 17,601 mln so‘mga, 20 grammli quyma 33,932 mln so‘mdan 35,203 mln so‘mga ko‘tarildi.

Shuningdek, 50 grammli quyma 88 mln so‘m, 100 grammli esa 176,013 mln so‘mni tashkil etdi.

Jahon bozorida ham oltin narxi yuqori o‘sishni qayd etdi. Xususan, 17-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:29 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi bir troya unsiyasi uchun $4361,98 ga yetdi.

Avvalroq 2025-yil sentabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $4,9 milliardga oshib, rekord darajadagi $55 milliardga yetgani haqida xabar berilgandi. Shundan $44 milliarddan ortig‘i oltin zaxirasiga to‘g‘ri keladi — bu ko‘rsatkich ketma-ket uchinchi oy davomida eng yuqori darajani yangiladi. Valyuta zaxiralari ham oshib, $10,2 milliardga oshdi.