Porsche birinchi to‘liq elektr Macan GTS modelini taqdim etdi – video

Porsche kompaniyasi o‘zining to‘liq elektr krossoveri — Macan GTS modelini taqdim etdi. Yangi avtomobil kuchli dvigatel, sportcha osma tizimi va jozibali dizayni bilan ajralib turadi.

Macan GTS 0 dan 100 km/soatgacha 3,8 soniyada tezlashadi va 571 ot kuchigacha quvvat ishlab chiqaradi. Uning maksimal tezligi 250 km/soat, yurish masofasi esa WLTP standarti bo‘yicha 586 km gacha. Tezkor zaryadlash funksiyasi yordamida batareyani 10 foizdan 80 foizgacha atigi 21 daqiqada quvvatlash mumkin.
Avtomobil yanada barqaror boshqaruv uchun sport pnevmatik osma tizimi, orqa differensialning elektron blokirovkasi va to‘liq uzatma tizimi bilan jihozlangan. Shuningdek, standart to‘plamda Sport Chrono paketi mavjud bo‘lib, undagi «Trek» rejimi faol harakat paytida batareya unumdorligini oshiradi.

Tashqi ko‘rinishda GTS modeli qora detal aksentlari, yangilangan old va orqa bamperlari hamda 21 dyuymli diskalari bilan ajralib turadi. Kuzov uchun Crayon, Carmine Red va Lugano Blue ranglari taqdim etilgan.
Salon Race-Tex materiali va qora charm bilan qoplangan, bezak choklari esa kuzov rangi bilan uyg‘unlashtirilgan. Raqamli asboblar paneli va multimedia tizimi GTS uslubida yangilangan.

Macan GTS so‘nggi haydovchi yordam tizimlari, sun’iy intellekt asosidagi ovozli boshqaruv, raqamli kalit va kengaytirilgan ko‘ngilochar funksiyalar bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Porsche yangi Cayenne Electric modelining ilk suratlarini namoyish etgan edi.