Yangiliklar

Sakkiz yilda iqtisodiyotga 130 milliard dollar investitsiya kiritildi — prezident

Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad $3,5 mingga yetdi
Sakkiz yilda iqtisodiyotga 130 milliard dollar investitsiya kiritildi — prezident
Sakkiz yilda iqtisodiyotga 130 milliard dollar investitsiya kiritildi — prezident. Foto: Kursiv Uzbekistan

So‘nggi sakkiz yil davomida mamlakat iqtisodiyotiga $130 milliard investitsiya jalb qilindi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Shuningdek, uchrashuvda so‘nggi yillarda iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratilgani tufayli aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad $3,5 mingga yetgani qayd etildi.

Prezident, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash hajmi 2017-yilga nisbatan 100 barobar oshib, joriy yilda 1,2 trillion so‘mga yetganini ta’kidladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlardan biri sifatida tan olinmoqda. Tashkilot tomonidan ratifikatsiya qilingan hujjatlar soni sakkiz yilda 12 tadan 25 tagacha oshgan.

Avvalroq Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyotiga $500 million ajratishi xabar qilingandi. Ushbu mablag‘ «Iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish dasturi» (2-bosqich) doirasida taqdim etilmoqda. Dastur ilgari boshlangan islohotlarga asoslanib, davlat korxonalari boshqaruvini zamonaviylashtirish, fiskal shaffoflikni kuchaytirish va raqobatbardosh iqtisodiy muhitni yaratishni maqsad qiladi.