
Samsung kompaniyasi ultrayupqa smartfonlar bilan tajribasini yakunlamoqda. Bu haqda GSMArena xabar bermoqda. Unga ko‘ra, kompaniya Galaxy S26 Edge modelini ishlab chiqarmaslikka qaror qilgan. Sabab – avvalgi model, Galaxy S25 Edge, savdo bo‘yicha kutilgan natijani bermagan.
Manbalarga ko‘ra, Edge seriyasi butunlay to‘xtatiladi va qolgan S25 Edge zaxiralari sotilgach, liniya yopiladi. Biroq S26 Edge uchun ishlab chiqilgan dizayn ehtimol Galaxy S26 Plus sifatida ishlatiladi.
«Edge liniyasi qaytadimi – hozircha noma’lum, ammo hozircha bu ehtimoldan yiroq. Bu seriya deyarli yo‘qoldi», — degan kompaniya vakili.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S25 Edge modeli 2025-yil avgustigacha atigi 1,31 million dona sotilgan. Taqqoslash uchun, S25 Ultra 12,18 million, S25 Plus 5,05 million, oddiy S25 esa 8,28 million dona sotilgan.
Endi Samsung 2026-yilda an’anaviy uchlik – Galaxy S26, S26 Plus va S26 Ultra modellariga e’tibor qaratadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung yangi smartfonini taqdim etgani haqida yozgan edi.