
Telefon zaryadi koʻp hollarda bir kunga yetmay qoladi — ayniqsa safarlarda yoki sayohatda. Power bank (portativ batareya) bu muammoni hal qiladi. Lekin har bir power bank ham bir xil emas: sifati, xavfsizligi, quvvati va tez zaryadlash imkoniyati juda farq qiladi. Shu sababli Kursiv Uzbekistan quyida toʻgʻri power bank tanlash usullarini taqdim etadi.
Ushbu maqola orqali quyidagilarni bilib olasiz:
- Power bankni qanday tanlash kerak
- Power bank turlari
- 2025-yilning eng yaxshi power banklari
- Power banklarning O‘zbekistondagi narxlari
- Telefon tizimlariga moslash
- Xavfsizlik
Power bank sotib olayotganda nimalarga e’tibor berish kerak

Power bank olayotganda avvalo ishonchli brend va rasmiy sotuvchidan olish lozim. Bu soxta mahsulotlardan himoya qiladi. Bundan tashqari, quvvat (mAh) ko‘rsatkichiga e’tibor berish kerak. Masalan, 10 000 mAh model real sharoitda kamroq zaryad bera olishi mumkin.
Chiqish quvvati ham (Watt) telefonning tez zaryadlash standartlariga (PD yoki QC) mos bo‘lishi zarur. Port turlari — USB-C, USB-A yoki simsiz variantlardan foydalanuvchi uchun qulay kombinatsiya tanlanadi.
Mahsulotning xavfsizlik sertifikatlari (UN38.3, CE, FCC, ROHS) mavjud bo‘lishi, shuningdek, og‘irligi kundalik olib yurishga qulay bo‘lishi muhim. Passthrough charging funksiyasi mavjud bo‘lsa, uning xavfsiz ishlashiga ishonch hosil qilish kerak.
Shuningdek, sifatli kabel va kamida 12 oylik kafolat bilan ta’minlangan power bankni tanlash maqsadga muvofiq.
Power bankning qanday turlari bor

- Oddiy USB-A chiqishli power banklar — eng arzon, oddiy qurilmalarni sekinroq zaryadlaydi. Bu eski yoki oddiy quvvatga muhtojlar uchun yetarli.
- USB-C PD (Power delivery) quvvatli banklar — yangi telefonlar, planshetlar va hatto ba’zi noutbuklarni tez zaryadlash uchun moʻljallangan. PD 18W, 30W, 45W, 60W va hatto 100W gacha modellari bor. Telefon fast-charge (tez zaryadlash)ni qoʻllab-quvvatlasa, PD kerak.
- Quick charge (QC) qoʻllab-quvvatlovchi banklar — Android telefonlar orasida keng tarqalgan tez zaryad standartlarini qoʻllab-quvvatlaydi.
- Wireless (sim-siz) power banklar — kerakli komfort: telefonni power bank ustiga qoʻyib simsiz zaryadlash. Qoʻlda qulay, lekin simli PDga qaraganda sekinroq boʻlishi mumkin.
- High-capacity (20 000 mAh va yuqori) — bir nechta qurilmani zaryadlash uchun, lekin ogʻir va hajmli.
- Kuchli (laptop-darajali) power banklar — 30–100W chiqish va noutbuklarni ham zaryadlashga yaroqli. Bu asosan kamera, noutbuk yoki planshet bilan ishlaydiganlar uchun mos keladi.
2025-yilning eng yaxshi power banklari

2025-yilda eng yaxshi power banklar quvvat, tezlik, portlar soni va xavfsizlik jihatlarida ajralib turadi. Ularning eng muhim xususiyatlari — yuqori watt chiqish (PD/QC), tez-zaryadlash, pass-through imkoniyati, yaxshi himoya va brend ishonchliligi. Quyida joriy yilning eng yaxshi power banklarini bilib olishingiz mumkin:
- Belkin BoostCharge Pro 3-port 20,000 mAh. Uch portga ega (1×USB-A, 2×USB-C) va bir vaqtning o‘zida telefon va noutbukni zaryadlashga yetarli 65W quvvat bera oladi. Kompaniya rasmiy sahifasida ushbu qurilma narxi $90.
- Anker Nano – juda ixcham va yengil, cho‘ntakka osongina sig‘adi. U USB-C fold-out ulagichi bilan birga keladi, bu kabel bilan bog‘liq muammolarni kamaytiradi. Kompaniya rasmiy sahifasida qurilma narxi turiga qarab $18-$63 atrofida.
- Cuktech 15 Ultra. Model yuqori quvvat tezligini taklif qiladi, ya’ni telefonlar va boshqa qurilmalarni tez zaryadlash imkonini beradi. Qurilma narxi savdo platformalarida $83-$90 atrofida.
- Anker PowerCore III Elite – 25,600 mAh sig‘imga ega bo‘lib, 87W gacha chiqish quvvatini qo‘llab-quvvatlaydi. Kompaniya rasmiy sahifasida ushbu qurilma sotib bo‘linganligi aytilgan. Boshqa savdo platformalarida esa u $182,4 atrofida.
- Xiaomi Mi Power Bank 3 Pro – 20,000 mAh sig‘imi va tez zaryad qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari bilan tajribali foydalanuvchilarga arzon-sifatli yechim sifatida tavsiya etilgan. Kompaniya rasmiy sahifasida $82 dan boshlanadi.
O‘zbekistondagi power banklar narxlari

Ko‘plab nashrlar tomonidan 2025-yilning eng yaxshi power banklari deb tan olingan qurilmalarning ko‘pchiligi O‘zbekiston bozorida uchramaydi yoki juda kam sonda. Shu sababdan Kursiv Uzbekistan savdo platformalaridagi power banklarni o‘rganib chiqdi va ularning ba’zilari haqida ma’lumot taqdim etadi.
Model | Narxi / joyi | Xususiyatlari | Qaysi telefonlar uchun maqbul |
---|---|---|---|
PowerBank GP Portable RP10 10000 mAh | 490,200 so‘m, Glotr.uz | 10,000 mAh, oddiy USB port; chiqish kuchi (nominal) past bo‘lishi mumkin. | Kundalik oddiy smartfonlar, ijtimoiy tarmoq, Telegram-WhatsApp foydalanuvchilar uchun yetarli. |
Xiaomi Power Bank 20000mAh (BHR8851GL) | 629,000 so‘m, Yandex Market | Tez quvvatlash (33 W), Xiaomi 11, Redmi Note seriyasi kabi smartfonlarni 1 soatdan kamroq vaqt ichida 100% gacha zaryadlay oladi. To‘qqiz bosqichli himoya tizimi mavjud. | Yirik sig‘imga ega telefonlar, video tomosha qilish, sayohatlarda qulay zaryad manbai. |
Lenyes PX287D 20000 mAh | 249,000 so‘m, Asaxiy.uz | Katta sig‘im, ikki port; 20,000 mAh; | Ko‘p telefon ishlatadiganlar, safarlar uchun; elektron kitoblar, planshetlar zaryadlash uchun ham mos. |
Samsung EB-PZ300 10000 mAh | 266,000 so‘m, Yandex Market | USB-C + USB-A portlar, chiqish kuchlanish 5V; Samsung sifatida brend ishonchliligi mavjud. | Samsung qurilmasini ishlatadiganlar uchun afzal; fast-charge protokoli qurilmaga mos bo‘lsa yanada yaxshi. |
XO PR149 10000 mAh PD20W + QC3.0 | 159,000 so‘m, Tovar.uz / Asaxiy | Fast charge: PD va QC qo‘llab-quvvatlaydi; 20W chiqish; yaxshi chiqish kuchi; xarajat / narx nisbati yaxshi. | Flagman Android telefonlarga; agar siz video / o‘yin / zo‘r performans talab qilsangiz, bu turdagi PD chiqishli banklar yaxshi variant. |
XO PR158 50000 mAh | 659,000 so‘m, Asaxiy | Juda katta sig‘im — 50,000 mAh; bir nechta chiqish portlari, og‘irligi va hajmi biroz katta. | Ko‘p kun sayohat qilganda, yonida kompyuter, planshet, telefon birgalikda yuradigan bo‘lsa foydali; kundalik olib yurish uchun biroz noqulay bo‘lishi mumkin. |
Telefon tizimiga moslash

Power bank tanlashda eng muhim omillardan biri — u telefon tizimiga, ya’ni iOS yoki Android platformasiga mos bo‘lishidir. Har bir qurilmaning zaryadlash talablari va quvvat standarti farq qiladi, shuning uchun universal yechim emas, balki mos modelni tanlash foydaliroq bo‘ladi.
iPhone foydalanuvchilari uchun USB-C PD 20W va undan yuqori quvvatli model tanlash kerak, chunki iPhone 8 va undan keyingi modellar tez zaryadni qo‘llaydi. Bunda power bankdan iPhone’ga zaryadlash uchun USB-C dan Lightning’ga kabel talab etiladi. Apple rasmiy tavsiyasiga ko‘ra, bunday model tez va xavfsiz zaryad beradi.
Android flagman va gaming telefonlar odatda 30W–65W quvvatga ega PD yoki ishlab chiqaruvchining o‘ziga xos tez zaryadlash texnologiyasini qo‘llaydi. Masalan, OnePlus Warp yoki Xiaomi HyperCharge kabi tizimlar uchun mos power bank va kabel tanlanmasa, maksimal tezlikda zaryadlash ishlamaydi.
Agar foydalanuvchi iPhone va Android qurilmalarini birgalikda ishlatsa, USB-C PD porti va USB-A chiqishiga ega power bank eng qulay yechim hisoblanadi. Bu turdagi modellar deyarli barcha zamonaviy telefonlarni zaryadlashga mos keladi.
Xavfsizlik va sertifikatlar
Power bank tanlashda eng muhim omillardan biri — uning xavfsizligi. Sifatli brendlar har doim sertifikatlash jarayonidan o‘tgan bo‘ladi. Masalan, UN38.3 standarti litiy-ion batareyalarning transport va xavfsizlik talablariga javob berishini ko‘rsatadi. CE, FCC va ROHS belgilar esa mahsulotning xalqaro elektr xavfsizligi, ekologik tozalik va elektromagnit mosligini bildiradi. Agar power bank UL yoki IEC sertifikatlariga ham ega bo‘lsa, bu uning qo‘shimcha testlardan o‘tganini anglatadi.
Xavfsizlik faqat tashqi belgilarda emas, balki ichki texnologiyada ham muhim. Sifatli power banklarda haddan tashqari zaryadlanish (over-charge), ortiqcha energiya sarfi (over-discharge), qisqa tutashuv (short-circuit) va qizib ketishga qarshi (temperature protection) himoya tizimlari bo‘ladi. Bunday himoya chiplariga ega modellarda telefon va batareya uzoq muddat xavfsiz ishlaydi.
Xulosa qilib aytganda, power bank xarid qilayotganda bir necha jihatni yodda tutish kerak. Avvalo, telefoningiz qaysi zaryadlash standartini qo‘llab-quvvatlashini aniqlash lozim. Shundan so‘ng, foydalanish maqsadiga qarab quvvat sig‘imi (mAh) va chiqish quvvati (W) tanlanadi: kundalik foydalanish uchun 10 000 mAh, safarlar uchun esa 20 000 mAh va undan yuqori model qulay.
Avvalroq telefon suvga tushib ketsa, nima qilish kerakligi haqida maqola e’lon qilingandi.