Yangiliklar

Finlyandiya prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Prezident Stubb biznes forumda ishtirok etadi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb 30 – 31-oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda Finlyandiya prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif doirasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik, mintaqaviy aloqalar va savdo-iqtisodiy munosabatlar muhokama qilinadi.

Prezident Stubb biznes forumda ishtirok etadi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ma’ruza o‘qiydi hamda tashqi siyosat ekspertlari va parlament vakillari bilan uchrashadi.

Safarda Finlyandiyaning savdo va sanoat sohalaridagi yirik kompaniya vakillari ham prezidentga hamrohlik qiladi.

Ma’lumot uchun, Finlyandiyaning sobiq prezidenti Mauno Koyvisto O‘zbekistonga ilk bor 1992-yilda rasmiy tashrif bilan kelgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston va Finlyandiya rahbarlari telefon orqali muloqot qilgani haqida xabar bergan edi.