
iPhone 17 Pro egalari endi faqat chizilish emas, balki rang o‘zgarishi muammosidan ham shikoyat qilmoqda. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
Bir nechta foydalanuvchilar yangi Cosmic Orange rangli iPhone 17 Pro Max telefonlarining korpusi pushti yoki oltin tusga kirayotganini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilishgan.
Redditda joylangan suratlarda rang o‘zgarishi asosan alyuminiy qismda kuzatilgan, markazdagi mat oynali panel esa o‘z holicha qolgan. Eng yomoni, bu muammo faqat «orange» modelida emas – Deep Blue ranglisi ham kameralar joylashgan qismda rang o‘zgarishidan aziyat chekmoqda.

Hozircha muammo nimadan kelib chiqayotgani noma’lum. Ayrim foydalanuvchilar buni ultrabinafsha nurlar ta’siri bilan izohlashgan, biroq bu taxmin tasdiqlanmagan. Hodisa Reddit, Facebook va TikTok’da keng muhokama qilinayotgani muammoning jiddiyligini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar Apple’ga murojaat qilishni tavsiya etmoqda — qurilmalar kafolat ostida bo‘lgani sabab, kompaniya ularni ta’mirlab berishi yoki yangisiga almashtirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, smartfon joriy yilda bir qator dizayn o‘zgarishlari bilan chiqqan: yangi kamera platformasi, ikki qismli orqa panel va titandan alyuminiyga o‘tish shular jumlasidandir. Shuningdek, bu safar Apple Pro modellari uchun ilk bor to‘q rangli variantlarsiz rang tanlovini taklif qilgan.
Kompaniya hali rasmiy izoh bermagan, biroq foydalanuvchilar Apple’dan bu muammoning sababini aniqlab, tez orada yechim taklif etishini kutmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 17 Pro Max smartfoni qanday xususiyatlarga ega ekani haqida xabar bergan edi.