
Samarqand shahrida bir oilaning yetti a’zosi halok bo‘lgan portlash ishi yakuniga yetdi. «Hududgaz Samarqand» ta’minot filiali shahar bo‘limi rahbari va uning uch nafar xodimi sud tomonidan 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda «Zamon» nashri xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, fojiadan avval uy egalari gaz sizib chiqayotgani haqida 11 marta gaz idorasiga murojaat qilgan, biroq javobgar xodimlar bu murojaatlarni e’tiborsiz qoldirgan.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, 2024-yil sentabr-oktabr oylarida Spitamen ko‘chasidagi 160-uyda gazlashtirish ishlari loyiha va texnik ruxsatsiz amalga oshirilgan. Quvurlar avtomobil yo‘li ostiga noqonuniy tarzda yotqizilib, xavfsizlik talablari buzilgan. Natijada quvurlarda 7 ta teshik hosil bo‘lib, gaz oqova qudug‘iga sizib chiqqan.
Sud qaroriga ko‘ra, rahbar va uch xodim Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi «a» va «b» bandlari bo‘yicha aybli deb topildi. Ular 3 yil muddatga davlat tashkilotlarida mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan ham mahrum qilindi.
Shuningdek, gaz ta’minoti korxonasidan jabrlanuvchilar foydasiga qariyb 6 mlrd so‘m undiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nukusda kichik portlash natijasida 10 nafar harbiy jarohat olgani haqida yozgan edi.