Yangiliklar

Afg‘oniston va Pokiston Doha shahrida doimiy o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Muzokaralarga Qatar va Turkiya vositachilik qilgan
Foto: Ochiq manba

Afg‘oniston va Pokiston hukumati Dohada o‘tgan muzokaralar natijasida zudlik bilan va doimiy o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Muzokaralarga Qatar va Turkiya vositachilik qilganini Qatar tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlikka ko‘ra, tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish va mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlash mexanizmini yaratish borasida kelishgan. Kelishuv bajarilishini nazorat qilish va yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish uchun yaqin kunlarda qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Afg‘oniston hukumati vakili Zabihulloh Mujohid ikki tomon bir-biriga qarshi qurolli harakatlarni qo‘llamaslik majburiyatini olganini tasdiqladi. U, shuningdek, da’volarni baholash va kelishuvga rioya etilishini ta’minlash uchun uchinchi tomon ishtirokidagi nazorat mexanizmi tuzilishini ma’lum qildi.

Pokiston mudofaa vaziri Xavojа Muhammad Asifning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv ijrosini muhokama qilish bo‘yicha navbatdagi uchrashuv 25-oktabr kuni Istanbulda bo‘lib o‘tadi. U Qatar va Turkiyaga muzokaralarda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirgan.

Avvalroq Pokiston va Afg‘oniston 48 soatlik sulhga kelishgani haqida yozgan edi.