
Yangilangan Chevrolet Damas va Cobalt, Janubiy Koreyadagi O‘zbekiston elchixonasida rasmiylashtirilgan 100-nikoh — haftaning muhim hodisalari
Andijonda hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi

Foto: DXX
Andijon viloyati Marhamat tumani hokimining o‘rinbosari pora ustida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
U mansab vakolatidan foydalanib, tuman hududidan o‘tgan katta yo‘l bo‘yidagi 400 metr uzunlikdagi zovurni yopiq tizimga o‘tkazish evaziga hosil bo‘ladigan 60 sotix yer maydonidan 8 ta savdo do‘koni qurish uchun yer ajratib berishni va hujjatlarni rasmiylashtirishni va’da qilgan. Buning evaziga u fuqarodan $15 ming talab qilib, avval $200 olgan.
O‘zbekiston Misrdagi qatarlik diplomatlar halok bo‘lgan avariya yuzasidan hamdardlik bildirdi

Foto: Aa.com
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Misrda yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida Qatar amiri devoni xodimlaridan uch nafari halok bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.
UzAuto Motors yangi Damas va Cobalt modifikatsiyalarini taqdim etadi

Rasm SI
«UzAuto Motors» AJ kompaniyasi yangi Chevrolet Damas va Cobalt modifikatsiyalarini taqdim etadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Xorazm Avto» korxonasida yangi modellarni ishlab chiqarish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish rejalashtirilgan. Yangi quvvatlar asosida kichik biznes va xususiy mijozlar uchun Damas minivenining yangi avlodi ishlab chiqariladi.
O‘zbekiston pavilyoni Osaka EXPO – 2025 ko‘rgazmasida oltin medalga sazovor bo‘ldi

Foto: Saida Mirziyoyeva telegram kanali
Osaka shahrida tashkil etilgan EXPO butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekiston pavilyoni «Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi» nominatsiyasida oltin medal bilan taqdirlandi. Bu haqda prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Janubiy Koreyadagi O‘zbekiston elchixonasida 100-nikoh rasmiylashtirildi
Janubiy Koreyadagi O‘zbekiston elchixonasida 100-nikoh rasmiylashtirildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Janubiy Koreyadagi O‘zbekiston elchixonasi 2025-yil davomida o‘z konsullik bo‘limida yuzta nikohni rasmiylashtirdi. Joriy yilning 10-oktabr kuni O‘zbekiston fuqarolari Elyor Nurdinov va Nilufarxon Nuriddinova o‘rtasida elchixonadagi 100-nikoh qayd etildi.
Toshkentda yangi 197-sonli avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yildi

Foto: Transport vazirligi
Toshkent viloyati hududlarini poytaxt bilan bog‘lash ishlarini davom ettirish maqsadida yangi 197-sonli avtobus yo‘nalishi ishga tushirildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Ushbu yo‘nalishdagi avtobuslar «O‘zbekiston mehmonxonasi» bekatidan «Yangi Toshkent» bekatigacha harakatlanadi. Unda 9,5 metrli, o‘rta sig‘imli sakkizta zamonaviy Yutong avtobuslari soat 05:30 dan 22:50 gacha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Toshkent metrosining «Yerusti halqa yoʻli» 1-noyabrda ishga tushadi

Foto: Transport vazirligi
Toshkent metropolitenining taʼmirlash ishlari sababli yopilgan «Yerusti halqa yoʻli» yoʻnalishi 1-noyabrdan boshlab yana yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni boshlashi kutilmoqda. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Iqtisodiyot bo‘yicha 2025-yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi

Foto: Ochiq manba
Iqtisodiyot bo‘yicha 2025-yilgi Nobel mukofoti amerikalik iqtisodchi Joel Mokyer, fransuz olimi Filippe Agion va kanadalik Peter Hovitga berildi. Bu haqda qo‘mita saytida ma’lum qilindi.
UzPost infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun investor izlayotganini maʼlum qildi

Foto: UzPost
Milliy pochta operatori «Oʻzbekiston pochtasi» aksiyalarining xususiylashtirilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Kompaniya rasmiy bayonotida aytilishicha, hozirda asosiy eʼtibor infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistika tizimini rivojlantirish va raqamli texnologiyalarni joriy etish uchun investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan.
14-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

Foto: Depositphotos
14-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 149,55 so‘m (+8,64 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 34,30 so‘mga tushib, 14 087,40 so‘mni, rubl esa 1,03 so‘mga oshib, 150,44 so‘mni tashkil qildi.
Ijtimoiy kartalar orqali to‘langan xaridlar uchun QQS avtomatik qaytarilmoqda

Rasm SI yordamida yaratilgan
1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida ijtimoiy kartalar orqali amalga oshirilgan xaridlar uchun qo‘shimcha qiymat solig‘ini (QQS) avtomatik qaytarish tizimi ishga tushdi.
Suv xo‘jaligi tizimida «Davlat suv kadastri» axborot tizimi yaratiladi

Suv xo‘jaligi tizimida «Davlat suv kadastri» axborot tizimi yaratiladi / Foto: President.uz
Shavkat Mirziyoyev suv xo‘jaligi tizimini raqamlashtirish, quyi bo‘g‘inda boshqaruv samaradorligini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Sohada «Davlat suv kadastri» axborot tizimi yaratiladi va 2026-yil apreliga qadar ishga tushiriladi.
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi ilk bor 8,3 mln so‘mdan oshdi

belchonock / depositphotos.com
14-oktabr kuni oltin quymalar narxi rekordni yana bir bor yangiladi. Regulyator xabariga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha o‘sdi. Xususan, 5 grammli quyma 8,103 mln so‘mdan 8,314 mln so‘mga oshdi. 10 grammli quyma 16,207 mln so‘mdan 16,628 mln so‘mga, 20 grammli quyma 32,414 mln so‘mdan 33,255 mln so‘mga ko‘tarildi.
Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish tartibi belgilandi

Foto: golib.tolibov.gmail.com/Depositphotos
«Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar va lavozimlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Qozogʻiston rasman Jahon chempionatidan mahrum boʻldi

Foto: Kff.kz
Qozogʻiston terma jamoasi safarda Shimoliy Makedoniya bilan durang oʻynagach, Jahon chempionati yoʻllanmasidan rasman mahrum boʻldi.
Rossiya 770 ming nafar migrantga nisbatan deportatsiya rejimini joriy etdi

Rossiya 770 ming migrantga nisbatan yangi «deportatsiya rejimi»ni joriy etdi. Foto: ijtimoiy tarmoq
Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin mamlakatda noqonuniy yashayotgan xorijiy fuqarolarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Banklardagi mikroqarz va avtokreditlarning foiz stavkasi e’lon qilindi

O‘zbekistondagi eng qulay avtokreditlar / rasm ChatGPT yordamida yaratilgan
13-oktabr holatiga ko‘ra, tijorat banklarida amal qilayotgan mikroqarz va avtokreditlarning so‘nggi 10 ish kuni bo‘yicha foiz stavkalari e’lon qilindi. Mazkur davrda mamlakatdagi tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 33,6 foizni tashkil etmoqda.
Britaniyaning BAT Uzbekistan kompaniyasi «O‘zBat»dagi 2,6% davlat ulushini sotib oldi

Britaniyaning BAT Uzbekistan kompaniyasi UzBat’dagi 2,6% davlat ulushini sotib oldi. Foto: Unsplash
Bitim qiymati 269,7 milliard so‘m bo‘lib, u bo‘yicha shartnoma joriy yil sentabr oyi oxirida imzolangan. Bitimdan tushgan mablag‘lar respublika budjetiga yo‘naltirilgan. Qimmatli qog‘ozlar paketi mustaqil kompaniya tomonidan baholangan va hisobotning to‘g‘riligi tekshirilgan.
O‘zbekistondagi tuman va mahallalarga 7 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi

O‘zbekistondagi 33 ta tumanning har biriga 100 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Foto: Sapura Temirxanova / Kursiv uzbekistan
Prezident tomonidan imzolangan qarorga ko‘ra, «Yangi O‘zbekiston» qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla tanlab olindi. Endilikda ushbu har bir tumanga 100 milliard so‘m, har bir mahallaga esa 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi.
Chernogoriya O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz tartibni bekor qildi

Foto: 30Trend
Chernogoriya hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun amal qilib kelgan vaqtinchalik vizasiz tartibni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Mazkur tartib 2025-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi, deb xabar bermoqda mamlakat hukumatining axborot portali.
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi 8,4 mln so‘mdan oshdi

Foto: FreerLaw / depositphotos.com
Regulyator xabariga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha o‘sdi. Xususan, 5 grammli quyma 8,314 mln so‘mdan 8,417 mln so‘mga, 10 grammli quyma 16,628 mln so‘mdan 16,834 mln so‘mga, 20 grammli quyma 33,255 mln so‘mdan 33,668 mln so‘mga ko‘tarildi.
15-oktabrdan respublika bo‘ylab tozalik va ozodalik oyligi boshlandi

Foto: Ekologiya vazirligi
Prezident topshirig‘iga binoan 15-oktabrdan O‘zbekiston bo‘ylab tozalik va ozodalik oyligi boshlandi. Ushbu oylik davomida mahallalar, maktab va bog‘chalar, ko‘chalar hamda turarjoylarda tozalash ishlari olib boriladi.
Shu bilan birga, Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi xodimlaridan iborat maxsus shtablar tuzilmoqda. Ular viloyat, tuman va shaharlarda qat’iy ekologik nazoratni yo‘lga qo‘yadi hamda jamoatchilikka kundalik ma’lumot berib boradi.
Madagaskarda harbiylar hokimiyatni egalladi

Foto: Reuters
Madagaskarda harbiylar mamlakat hokimiyatini egallab, prezident Andri Rajoelinani lavozimidan chetlatdi. Xabarga ko‘ra, prezident parlament tomonidan impichment qilinganidan so‘ng mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.
Jahon chempionati yoʻllanmasiga ega chiqqan jamoalar soni 28 taga yetdi

2026-yilda AQSh, Kanada va Meksikada boʻlib oʻtadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan 48 jamoadan 28 tasi yoʻllanmani naqd qildi. 14-oktabr oqshomida Yevropa qit’asidan birinchi boʻlib, Angliya terma jamoasi musobaqadagi ishtirokini rasmiylashtirgan boʻlsa, Afrika qit’asidan Senegal va Kot-dʼIvuar terma jamoalari ham oʻz yoʻllanmalarini qoʻlga kiritdi.
Slovakiya o‘zbekistonliklar uchun viza tartibini soddalashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqda

Foto: BBC
Slovakiya o‘zbekistonliklar uchun viza tartibini soddalashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bratislavada O‘zbekiston va Slovakiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida ilk konsullik maslahatlashuvlarida ma’lum qilindi. Uchrashuvda viza rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish, mehnat migratsiyasi va konsullik ma’lumotlari almashinuvi masalalari muhokama qilingan. Slovakiya tomoni arizalarni ko‘rib chiqish muddatini uch oydan bir oygacha qisqartirish imkoniyati ko‘rib chiqishi ma’lum qilgan.
OTB O‘zbekiston iqtisodiyotiga 500 million dollar ajratadi

Foto: OTB
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston iqtisodiyotiga $500 millionlik qarz ajratishni ma’qulladi. Ushbu mablag‘ «Iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish dasturi» (2-bosqich) doirasida taqdim etilmoqda.
Dastur ilgari boshlangan islohotlarga asoslanib, davlat korxonalari boshqaruvini zamonaviylashtirish, fiskal shaffoflikni kuchaytirish va raqobatbardosh iqtisodiy muhitni yaratishni maqsad qiladi.
Qambarota GES-1 loyihasi 4,2 milliard dollarga baholanmoqda

Foto: Gary Walker-Jones / Unsplash
O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, Qambarota GES-1 qurilishining dastlabki qiymati $4,2 milliardga baholanmoqda. Loyihani moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari tomonidan $5,6 milliardlik portfel shakllantirilgan.