Sport

The Athletic: Abduqodir Husanov – «Manchester Siti» himoyasidagi muammoni hal qilgan inson

Abduqodor Husanov
Foto: Mancity.com

The Athletic nashri (NYT’ga qarashli) o‘zining so‘nggi tahliliy maqolasini o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanovga bag‘ishladi. Nashr uni «Pep Gvardiola jamoasining himoyadagi muammosini hal qilgan insoni» deb atadi.

Maqola muallifi Jordan Kempbellning yozishicha, 21 yoshli futbolchi «Manchester Siti»ning o‘ng qanotdagi kadrlar inqiroziga kutilmagan, ammo eng samarali yechim bo‘ldi. Kyle Walker klubni tark etgach aynan Husanov bu bo‘shliqni qat’iyat va jismoniy kuch bilan to‘ldirdi.

Shahar derbisida «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda Husanov jismonan eng faol futbolchi bo‘ldi. U eng ko‘p to‘qnashuvda g‘alaba qozondi va himoyadagi qat’iy o‘yin uslubi bilan tomoshabinlarni hayratda qoldirdi. Muallif uni yarim tonda o‘ynamaydigan, to‘pni ko‘rsa unga hujum qiladigan o‘yinchi deb ta’riflagan.

Pep Gvardiola esa Husanov haqida shunday degan:

«U yosh, tez va to‘p bilan juda aniq ishlaydi. Ba’zan ortiqcha ishtiyoq sabab xatolarga yo‘l qo‘yadi, lekin tajriba ortgani sayin bu kuchi yanada mukammallashadi».

Maqolada shunday jumla keltirilgan:

«Ba’zida u ichki chaqiriqni zo‘rg‘a tiyayotgandek ko‘rinadi, lekin bunday jismoniy qudratga ega o‘yinchi 30 foizlik imkoniyatni 70 foizga aylantira oladi».

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abduqodir Husanov «Everton»ga qarshi o‘yinda maydonga tushishi mumkinligi haqida yozgan edi.