
Toyota kompaniyasi o‘zining yangi elektr krossoveri Toyota bZ3X modelini Hongkong bozorida rasman taqdim etdi. Modelning o‘ng ruldagi (RHD) versiyasi narxi $29,500 dan boshlanadi.
Bungacha eng arzon model Sienta Luxury bo‘lib, uning narxi $30,800 atrofida edi. Yangi bZ3X modeli GAC-Toyota, GAC Group va Toyota Motor Corporation hamkorligida ishlab chiqilgan hamda Guanchjou shahridagi GAC Toyota Nansha zavodida yig‘iladi.

Avtomobil Xitoyda 2025-yil mart oyidan beri sotuvda bo‘lib, shu vaqtgacha 46 mingdan ortiq sotilgan. Bu model bir necha bor qo‘shma korxonalar orasidagi eng ko‘p sotilgan yangi energiya avtomobili sifatida qayd etilgan.
Texnik jihatdan, bZ3X 150 kVt quvvatga ega doimiy magnitli sinxron motor bilan jihozlangan. Unga 70 kVt·soat sig‘imli LFP (lityum temir-fosfat) batareya ulanadi, bu esa avtomobilga 500–520 km yurish masofasini ta’minlaydi. Model uzunligi 4600 mm, eni 1850 mm, balandligi 1660 mm, g‘ildirak bazasi esa 2765 mm.

Avtomobil 6,6 kVt AC va 90 kVt DC tez zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi hamda Vehicle-to-Load (V2L) funksiyasi orqali tashqi qurilmalarga elektr ta’minoti bera oladi.
Salonida 8,88 dyuymli raqamli panel, 14,6 dyuymli markaziy sensorli ekran, Yamaha kompaniyasining 11 ta karnayli audiosistemi, Apple CarPlay, inglizcha ovozli boshqaruv va isitiluvchi hamda shamollatiluvchi old o‘rindiqlar mavjud.

bZ3X modeli Toyota uchun Xitoyda ishlab chiqilgan, ammo global standartlarga javob beruvchi birinchi o‘ng ruldagi elektromobil bo‘lib, kelgusida u Yaponiya, Buyuk Britaniya, Singapur va Avstraliya bozorlariga ham chiqarilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Toyota Land Cruiser FJ 20-oktabr kuni taqdim etilishi haqida yozgan edi.