AQSh–Xitoy savdo mojarosi sabab neft narxlari pasaymoqda

Dushanba kuni xalqaro bozorda neft narxlari yana pasaydi. Mutaxassislar buning sababini bozorda neft taklifi ortib ketayotgani va AQSh bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo keskinligi bilan izohlashmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Bugun 09:38 holatiga ko‘ra, Brent markali neft narxi 18 sentga tushib, bir barrel uchun $61,11, WTI markali Amerika nefti esa 17 sentga arzonlab, $57,37 bo‘ldi. Bozor tahlilchilari aytishicha, hozir savdogarlar neft tanqisligidan emas, balki ortiqcha neft to‘planib qolishidan xavotirda.
Bu holatda kompaniyalar neftni saqlab turib, keyinroq qimmatroq narxda sotishga harakat qiladi. Xalqaro energetika agentligi 2026-yilga borib dunyo bozorida neft taklifi ortib, narxlar bosimi kuchayishini taxmin qilgan.
Narxlarning pasayishiga AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi ham ta’sir qilmoqda. Ikkala mamlakat yangi bojlar va port to‘lovlarini joriy etib, global savdo oqimini izdan chiqarmoqda. Jahon savdo tashkiloti ogohlantirishicha, agar bu qarama-qarshilik davom etsa, dunyo iqtisodiyoti 7 foizgacha yo‘qotishi mumkin.
Bundan tashqari, Rossiya nefti bilan bog‘liq noaniqlik ham bozorda beqarorlik keltirib chiqarmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp Hindistonga Rossiyadan neft xaridini to‘xtatmasa, katta bojlar joriy etilishini eslatdi.
Shu bilan birga, AQShda faol burg‘ilash quduqlari soni ortgani haqida ham xabar berildi. Bu esa bozorga ko‘proq neft chiqishini anglatadi. Natijada narxlar yana pasayishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyaning yirik gaz zavodi Ukraina dron zarbasidan keyin faoliyatini to‘xtatgani haqida xabar bergan edi.