Yangiliklar

Amazon serverlaridagi nosozlik sababli dunyo bo‘ylab ko‘plab saytlar ishdan chiqdi

Amazon kompaniyasining bulutli xizmati AWS’da nosozlik yuzaga keldi
Amazon kompaniyasining bulutli xizmati AWS'da yuz bergan keng ko‘lamli nosozlik tufayli butun dunyo bo‘ylab ko‘plab mashhur saytlar va ilovalar vaqtincha ishlamay qoldi.
Foto: Reuters

20-oktabr kuni Amazon kompaniyasining bulutli xizmati AWS’da (Amazon Web Services) yuz bergan keng ko‘lamli nosozlik tufayli butun dunyo bo‘ylab ko‘plab taniqli saytlar va ilovalar vaqtincha ishlamay qoldi.

Nosozlik sababli Fortnite, Snapchat, Coinbase, Robinhood, Perplexity AI, Prime Video, Lyft va Signal kabi platformalarda uzilishlar kuzatildi. Ba’zi foydalanuvchilar hatto Amazon’ning o‘z saytidan xarid qila olmaganini ham bildirgan.

AWS vakillari tizimda xatoliklar va kechikishlar soni oshganini tasdiqlab, muammoni bartaraf etish ustida ishlayotganini ma’lum qildi.

Nosozlik nafaqat AQShda, balki Buyuk Britaniyada ham sezildi – Lloyds Bank, Bank of Scotland, shuningdek, Vodafone, BT va HMRC (soliq va bojxona xizmati) saytlarida ham muammolar kuzatildi.

AWS jahon bo‘ylab millionlab saytlar va xizmatlarning infratuzilmasini ta’minlaydi, shuning uchun har qanday uzilish internetdagi ko‘plab platformalarga ta’sir ko‘rsatadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Amazon Kuiper va O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh internet loyihasini yo‘lga qo‘ymoqchiligi haqida xabar bergan edi.