Fond bozori: «Qashqadaryo texnologik transport» va «Garant bank» aksiyalari keskin tushdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 10-oktabrdan 17-oktabrgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,9 foizga pasaydi.
Ushbu davr mobaynida «Uzbekinvest» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 11,97 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zsanoatqurilishbank» (+6,90%) va «O‘zRTXB» (+6,78%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Qashqadaryo texnologik transport» aksiyalari 42,10 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Garant bank» (-28,47%) va «O‘zbektelekom» (-7,53%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi.

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «Qashqadaryo texnologik transport» (1098 ta), «Kapital sug‘urta» (481 ta) va «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (450 ta bitim) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zbektelekom» (1,23 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (804,11 mln so‘m) va «Hamkorbank»» aksiyalari (510,48 mln so‘m) yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 11 tasi haftani ijobiy, 18 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 3,31 mlrd so‘m bo‘ldi.
O‘tgan haftada «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da UCI fond indeksi 0,18 foizga pasaygani haqida xabar berilgandi.
Mazkur davr mobaynida «Garant bank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 12,02 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Chilonzor buyum savdo kompleksi» aksiyalari (+9,09%) va «Aloqabank»ning imtiyozli (+6,04%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.