
Yaponiyaning Fujitsu kompaniyasi ultraportativ noutbuklar segmentida yangi rekord o‘rnatdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
Kompaniya taqdim etgan FMV UX-K3 modeli og‘irligi atigi 634 gramm bo‘lib, bu uni dunyodagi eng engil 14 dyuymli noutbukga aylantirdi.
Qurilmaning yengilligi karbon va magniy-litiy qotishmasidan tayyorlangan korpus orqali ta’minlangan. Shunga qaramay, noutbuk mustahkamlikni saqlagan holda atigi 17,6 mm qalinlikka ega. FMV UX-K3 o‘tgan yili taqdim etilgan Lifebook WU5/J3 modelining engil noutbuk rekordi bilan tenglashdi.
Yangi modelda Intel Core Ultra 7 255U protsessori o‘rnatilgan bo‘lib, u 2 ta kuchli va 10 ta tejamkor yadrolardan tashkil topgan. U 4,8 GHz chastotagacha ishlaydi. Qurilma 16 GB RAM va 512 GB SSD bilan jihozlangan. Grafik ishlov Intel Arc orqali ta’minlanib, energiya sarfini kamaytiradi.
14 dyuymli IPS ekran 1920×1200 pikselli aniqlik va 16:10 formatda bo‘lib, 400 nit yorqinlikda tiniq tasvir beradi. Ulanish imkoniyatlari ham keng: Wi-Fi 7, Bluetooth 5.4, USB-C (65 W zaryadlash), ikkita USB-A port, HDMI, Ethernet, 3,5 mm audio chiqish va microSD o‘quvchi mavjud. Qurilma, shuningdek, 1080p veb-kamera va maxfiylik uchun shutter bilan jihozlangan.

Noutbukning batareyasi 31 Wh sig‘imga ega bo‘lib, 7 soatgacha video ko‘rish yoki 18 soat kutish rejimini ta’minlaydi. USB-C 65 W adapteri esa atigi 150 gramm og‘irlikda. Bu esa uni safar uchun eng qulay noutbuklardan biriga aylantiradi.
FMV UX-K3 allaqachon Fujitsu FMV Store va Yaponiyadagi ayrim do‘konlarda sotuvda. Qurilma narxi 280 280 yuan ($1 860) deb belgilangan. Global bozor uchun chiqish sanasi hozircha e’lon qilinmagan, biroq uchinchi tomon sotuvchilari orqali eksport qilinishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan batareyasi eng uzoq ishlaydigan 5 ta noutbuk haqida yozgandi.