
«Toshkent» fond birjasining sobiq raisi Georgiy Paresishvili «Kapitalbank» kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib saylandi. Bu haqda Yagona korporativ ma’lumotlar portalida xabar berilgan.
16-oktabr kuni o‘tkazilgan aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishida Georgiy Otarovich Paresishvili «Kapitalbank» kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi sifatida uch yillik muddatga saylandi.
Bankning korporativ maslahatchisi Igor Pak Paresishvilining nomzodini Markaziy bank bilan belgilangan tartibda kelishishi lozim. U regulyator bilan kelishuvdan so‘ng o‘z vazifasiga kirishadi. Bank kuzatuv kengashi raisi Maksud Abdusamadovga yangi mustaqil a’zo bilan shartnoma tuzish topshirig‘i berilgan.
Shuningdek, Georgiy Paresishvili bankning affillangan shaxslar ro‘yxatiga kiritildi. Uning yashash manzili sifatida Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Paresishvili 2025-yil sentabr oyida «Toshkent» Respublika fond birjasi boshqaruvi raisi lavozimini tark etgan edi. Bunga uning uch yillik mehnat shartnomasi muddati tugagani sabab bo‘lgan.
Shundan so‘ng birja kuzatuv kengashi qaroriga binoan vaqtincha rais vazifasini bajaruvchi etib Fayzulla Murotovich Tashov tayinlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Poytaxt bank»ka yana yangi rahbar tayinlangani haqida yozgandi.