
Dushanba kuni erta tongda Gonkong xalqaro aeroportida yuk samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, dengizga qulab tushdi. Hodisa oqibatida aeroportning ikki xodimi halok bo‘ldi.
Rasmiylarga ko‘ra, Turkiyaning ACT Airlines kompaniyasiga tegishli Boeing samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 3:50 atrofida qo‘nish jarayonida yo‘nalishdan og‘ib ketgan va yo‘lakka urilib ikki qismga bo‘lingan.

Aeroportning xavfsizlik xizmati patrul mashinasi aynan shu paytda yo‘lakda bo‘lgan. Samolyot avtomobilga urilib, uni dengizga tushirib yuborgan. Ikkala xodim voqea joyida halok bo‘lgani aytilmoqda.
Samolyot bortida bo‘lgan to‘rt nafar ekipaj a’zosi mahalliy shifoxonalarga olib ketilgan. Gonkong Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi texnik direktori Uesli Yanning so‘zlariga ko‘ra, samolyot qo‘nish paytida hech qanday signal yoki yordam so‘rovi yubormagan.
Hodisadan so‘ng aeroportning shimoliy uchish-qo‘nish yo‘lagi vaqtincha yopildi.
Gonkong xalqaro aeroporti dunyodagi eng band havo yo‘llaridan biri bo‘lsa-da, bunday halokatlar bu yerda juda kam uchraydi. So‘nggi marta 1999-yilda yirik aviahalokat qayd etilgan edi — o‘shanda China Airlines samolyoti tayfun vaqtida ag‘darilib tushib, ikki kishi halok bo‘lgan, 200 dan ortiq yo‘lovchilar jarohat olgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bangladeshda harbiy samolyot maktab binosiga qulab tushgani haqida xabar bergan edi.