
Janubiy Koreya sudi 8 yoshli qizaloqni pichoqlab o‘ldirgan o‘qituvchini umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bu fojia butun mamlakatni larzaga soldi.
Sud ma’lumotiga ko‘ra, 48 yoshli Myon Je Van fevral oyida maktab o‘quvchisi Kim Xe Nilni sinf xonasiga aldab chaqirgan va unga pichoq bilan hujum qilgan.
Prokuratura o‘qituvchiga o‘lim jazosi berilishini talab qilgan. Biroq sud hukmida jinoyatni qayta sodir etish xavfi yuqori bo‘lsa-da, uni o‘lim jazosiga hukm qilish uchun yetarli asos yo‘qligi aytilgan.
«Butun umr xatolarim haqida o‘ylab yashayman», — deydi Myon sudda qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirib.
Qizaloq maktab avtobusidan tushmaganidan so‘ng yo‘qolgan deb e’lon qilingan. Oradan ko‘p o‘tmay uni maktab binosida pichoqlangan holda topishgan. O‘qituvchining ham bo‘ynida o‘ziga yetkazilgan jarohat borligi aniqlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Marg‘ilonda haydovchi uch nafar maktab o‘quvchisini urib yuborgani haqida xabar bergan edi.