Katanes yordamchilari O‘FAdan 350 ming yevro talab qilib, FIFAga shikoyat qildi

O‘zbekiston terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Srechko Katanesning uch nafar yordamchisi FIFAga murojaat qilib, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA)dan 350 ming yevro to‘lovni undirishni so‘ragan.
Mutaxassislar FIFAning Nizolarni hal etish palatasiga ariza topshirgan. Ularning ma’lum qilishicha, O‘FA ular bilan tuzilgan shartnomaviy majburiyatlarni bajarmagan.
Ularning shartnomasi 2026-yil yozigacha mo‘ljallangan bo‘lgan. Biroq Fabio Kannavaro bosh murabbiy etib tayinlangach Katanesning butun shtabi bilan tuzilgan bitimlar bekor qilingan.
O‘FA esa bu qarorni xalqaro futbol amaliyotiga mos tarzda qabul qilinganini ta’kidlamoqda. Ularning bayonotiga ko‘ra, «bosh murabbiy bilan shartnoma bekor qilinganda, yordamchilarning shartnomalari ham avtomatik ravishda o‘z kuchini yo‘qotadi» degan band mavjud.
Assotsiatsiya, shuningdek, Katanesning sobiq yordamchilariga yoshlar terma jamoalarida ishlash varianti taklif etilganini, ammo ular bu taklifni rad qilganini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Srechko Katanetsning murabbiylar shtabida Alesh Chex, Vlado Radmanovich, Martin Magister, Nihad Peykovich va fizioterapevt Ian Katanes faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, Katanes 2021-yil avgustdan 2025-yil yanvarigacha O‘zbekiston terma jamoasini boshqargan. U sog‘lig‘i sabab iste’foga chiqqan, uning o‘rnini esa avval Timur Kapadze, keyinchalik esa italiyalik Fabio Kannavaro egallagan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston FIFA reytingida bitta pog‘ona pastlagani haqida yozgandi.