
Luvr muzeyidagi o‘g‘irlik, Jahon chempioniga aylangan Marokash yoshlari — 20-oktabrning muhim yangiliklari Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Parijdagi Luvr muzeyida o‘g‘irlik sodir bo‘ldi

Parijdagi Luvr muzeyida o‘g‘rilik sodir bo‘ldi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Jinoyatchilar kran yordamida ikkinchi qavat oynasini sindirib, toj javohirlaridan iborat noyob kolleksiyani o‘g‘irlab qochgan.
Marokash yoshlari Jahon chempioniga aylandi
Futbol bo‘yicha Chilida o‘tkazilgan «U-20» Jahon chempionati finalida Marokash terma jamoasi 2:0 hisobida argentinalik tengqurlaridan ustun keldi.
O‘zbekistondagi 320 ta vokzal va stansiyalar nomi almashtiriladi

O‘zbekistondagi vokzal, stansiya hamda razyezdlarning nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtiriladi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilindi.
Transport vazirligi hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ 3 oy muddatda barcha peshlavhalar va axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tili me’yorlariga mos shaklda qayta yozishi lozim.
Qirg‘iziston 2025-yilda O‘zbekistonga mineral suv eksportini qariyb to‘rt baravarga oshirdi

Qirg‘iziston 2025-yil yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonga 905,2 ming litr mineral suv eksport qildi. Bu haqda tazabek nashri ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,9 baravar ko‘p. O‘zbekiston Qirg‘izistondan eksport qilingan mineral suvning yarmidan ortig‘ini qabul qilgan va asosiy xaridor davlatga aylangan.
UzPost’ni xususiylashtirilishida Davaktivdan ochiqlik talab qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (Davaktiv) taqdimnoma kiritib, «O‘zbekiston pochtasi»dagi AJ (UzPost) davlat ulushini xususiylashtirish jarayonida ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilishni so‘radi.
Samarqandda fermer xo‘jaligi Qoradaryodan noqonuniy qum-shag‘al qazib, tabiatga 43 mlrd so‘mlik zarar yetkazdi

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida joylashgan «M.M.M.N» fermer xo‘jaligi Qoradaryo daryosi hududidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy ravishda qazib olgani aniqlandi. Natijada tabiatga 43,12 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ma’lum qilishicha, holat viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv chog‘ida fosh etilgan.
Rossiyada spirtli ichimlik ta’sirida avtomobil boshqargan xorijliklar yashash ruxsatnomasidan mahrum etilishi mumkin

Endilikda Rossiyada spirtli ichimlik yoki giyohvand modda ta’sirida transport vositasini boshqargan migrantlar, jumladan, o‘zbekistonliklar ham mamlakatda yashash ruxsatnomasidan mahrum etilishi mumkin. Bu haqda TASS xabar berdi.
Tegishli qonun loyihasini Rossiya Davlat Dumasiga «Adolatli Rossiya — haqiqat uchun» partiyasi fraksiyasi rahbari Sergey Mironov va deputat Fedot Tumusov taqdim etgan. Tashabbusga ko‘ra, agar xorijiy fuqarolar mast holatda avtomobil boshqargan bo‘lsa, ularga vaqtincha yashash ruxsatnomasini berish rad etiladi yoki u bekor qilinadi.
21-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

21-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 060,15 so‘m (-48,09 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 104,53 so‘mga tushib, 14 064,55 so‘mni, rubl esa 0,23 so‘mga pasayib, 148,87 so‘mni tashkil qildi.
AQSh–Xitoy savdo mojarosi sabab neft narxlari pasaymoqda
Dushanba kuni xalqaro bozorda neft narxlari yana pasaydi. Mutaxassislar buning sababini bozorda neft taklifi ortib ketayotgani va AQSh bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo keskinligi bilan izohlashmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Bugun 09:38 holatiga ko‘ra, Brent markali neft narxi 18 sentga tushib, bir barrel uchun $61,11, WTI markali Amerika nefti esa 17 sentga arzonlab, $57,37 bo‘ldi. Bozor tahlilchilari aytishicha, hozir savdogarlar neft tanqisligidan emas, balki ortiqcha neft to‘planib qolishidan xavotirda.
Hafta davomida qanday ob-havo kuzatiladi
O‘zbekiston hududida hafta davomida havo asosan biroz bulutli va quruq bo‘ladi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar bermoqda. Aksar viloyatlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi, shamol esa sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi.