
Migratsiya agentligi Rossiyaga yuk tashuvchi o‘zbekistonlik haydovchilarga muhim eslatma bilan chiqdi.
2025-yil holatiga ko‘ra, Rossiyada xalqaro avtomobil yuk tashishlarning 25 foizga yaqini o‘zbekistonlik haydovchilar tomonidan amalga oshirilmoqda. Biroq ayrimlar migratsiya qoidalariga amal qilmagani sababli Rossiya Ichki ishlar organlarining «kirishi man etilgan shaxslar» ro‘yxatiga tushib qolmoqda.
Shu sababli agentlik har bir haydovchi quyidagi qoidalarga qat’iy rioya qilishi kerakligini ta’kidlamoqda. Unga ko‘ra:
- chegaradan o‘tayotganda migratsion kartani to‘g‘ri to‘ldirish (maqsad grafasida turizm emas, «slujebnaya» yoki tranzit deb yozish);
- Rossiyaga kirgach, 15 ish kuni ichida migratsiya ro‘yxatiga turish (odatda bu ish beruvchi zimmasida bo‘ladi);
- 365 kunlik davrda 90 kundan ortiq qolmaslik;
- mashina buzilganda yoki boshqa muammo yuz berganda rasmiy akt yoki dalolatnoma olish;
- har bir harakatni faqat rasmiy hujjat bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Takroriy qoidabuzarlik Rossiyaga 3 – 10 yil kirish taqiqlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, xatolik yuzaga kelganda:
- Rossiya Ichki ishlar organlariga yozma ariza bilan murojaat qilish;
- safarning haqiqiy maqsadini hujjatlar bilan isbotlash;
- agar «kirishi taqiqlanganlar» ro‘yxatiga tushib qolsa, apellyatsiya orqali chiqarilish uchun ariza berish tavsiya etildi.
Muammoli holatlarda O‘zbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasiga murojaat qilish mumkin.
Avvalroq Rossiya 770 ming nafar migrantga nisbatan deportatsiya rejimini joriy etgani haqida xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin mamlakatda noqonuniy yashayotgan xorijiy fuqarolarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 10-sentabr kuni «nazorat ostidagi shaxslar reyestri» (ya’ni hujjatlari to‘liq bo‘lmagan, ro‘yxatdan, tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki ish ruxsatnomasi muddati tugagan migrantlar ro‘yxati) bo‘yicha chet elliklarga berilgan muddat yakunlandi.