O‘zbek noni dunyoning eng yaxshi 50 ta noni ro‘yxatiga kirdi

eʼlon qilindi
non
Nashr nonning nafaqat betakror ta’mi, balki tandirda tayyorlanish usulini alohida e’tirof etdi
Foto: Mlenny/iStockphoto/Getty Images

Amerikaning CNN Travel nashri dunyodagi eng yaxshi 50 ta non turi ro‘yxatiga o‘zbek nonini ham kiritdi.

Nashr nonning nafaqat betakror ta’mi, balki badiiy ko‘rinishi va an’anaviy tandirda tayyorlanish usulini alohida e’tirof etdi.

Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda non oddiy taom emas, balki milliy san’atning bir ko‘rinishi sifatida qadrlanadi. Tandirda yopilgan nonlar o‘ziga xos naqsh, o‘yma va shtamplar bilan bezatiladi, bu esa ularni haqiqiy badiiy asarga aylantiradi.

Hududiy xususiyatlarga ham to‘xtalib o‘tilgan:
– Toshkent nonlari yumshoqligi va yoqimli hidi bilan ajralib turadi;
– Samarqand nonlari esa qora sedana sepilgan, zich va o‘ziga xos ta’mga ega;
– Har bir viloyatning noni o‘sha hududning madaniy ruhini ifodalaydi.

Shuningdek, maqolada o‘zbek nonining issiq holda yetkazish an’anasi ham e’tirof etilgan. Nashr yozishicha, tandirdan chiqqan nonlar velosipedlarda bozor va choyxonalarga issiq holda olib boriladi — bu holat o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va mehnatsevarligining ramzi sifatida talqin etilgan.

CNN Travel ro‘yxatida, shuningdek, Italiyaning fokachchasi, Fransiyaning bageti, Gruziyaning xachapurisi, Rossiyaning karavayi hamda Yaponiyaning melonpani kabi mashhur non turlari ham keltirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan dunyoda non narxi eng qimmat va eng arzon mamlakatlar e’lon qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek