O‘zbekiston mahsulotlarini Saudiya bozoriga eksport qilish 60 kun ichida hal qilinadi — Saudiya investitsiya vaziri

eʼlon qilindi
15-oktabr kuni Saudiya Arabistonining yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvda O‘zbekiston mahsulotlarini ushbu bozorga olib kirish masalasi muhokama qilindi
O‘zbekiston mahsulotlarini Saudiya bozoriga eksport qilish 60 kun ichida hal qilinadi
O‘zbekiston mahsulotlarini Saudiya bozoriga eksport qilish 60 kun ichida hal qilinadi. Foto: ijtimoiy tarmoq

O‘zbekiston mahsulotlarini Saudiya bozoriga eksport qilish 60 kun ichida hal qilinadi. Bu haqda Saudiya Arabistoni investitsiya vaziri Xolid al-Falih ma’lum qildi.

Saudiya Arabistoni hozirda qishloq xo‘jaligi hamda meva-sabzavot mahsulotlarini asosan boshqa mamlakatlardan import qiladi. Shu bois bu mamlakat O‘zbekiston uchun katta va istiqbolli bozor hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Saudiya Arabistonining yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston mahsulotlarini ushbu bozorga olib kirish masalasini muhokama qildi.

«Niyat qilyapmizki, tezroq shu hamkorlikda yerlarni olib, chorvachilikni rivojlantirib, meva-sabzavotni rivojlantirib, bog‘larni rivojlantirib birgalikda katta-katta ishlarni qilib, Saudiya bozoriga, O‘zbekiston bozoriga eksport-importni tezlashtirishimiz kerak», — deydi davlat rahbari.

Saudiya Arabistoni investitsiya vaziri Xolid al-Falih esa prezidentning taklifiga javoban 60 kun ichida bu taklif bo‘yicha barcha ishlar yakuniga yetkazilib, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Saudiya Arabistoniga eksport qilish masalasini hal etishini aytdi.

«60 kun siz uchun katta muddat, sezib turibmiz. Imkon darajasida tezlashtiramiz. Biz nafaqat Saudiya Arabistoni, balki qo‘shni davlatlarga ham O‘zbekiston mahsulotlarini eksport qilishni ham yo‘lga qo‘yamiz», — dedi u prezidentga.

Avvalroq O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar portfeli $27 mlrdga yetgani xabar qilingandi. Shuningdek, ACWA Power kompaniyasi bilan $15 milliardlik energetika loyihalari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek