Banklar va moliya

O‘zbekistonda oltin quymalar narxi yetti kunlik ketma-ket o‘sishdan keyin tushdi

Xususan, 5 grammli quyma 8,801 mln so‘mdan 8,589 mln so‘mga tushdi
Oltin narxi
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi 8,5 mln so‘mga tushdi. Foto: Unsplash

20-oktabr kuni oltin quymalar narxi o‘tgan haftadagi rekorddan so‘ng pasaydi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

Regulyator xabariga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha tushdi. Xususan, 5 grammli quyma 8,801 mln so‘mdan 8,589 mln so‘mga, 10 grammli quyma 17,601 mln so‘mdan 17,179 mln so‘mga, 20 grammli quyma 35,203 mln so‘mdan 34,358 mln so‘mga pasaydi.

Shuningdek, 50 grammli quyma 85,894 mln so‘m, 100 grammli esa 171,788 mln so‘mni tashkil etdi.

Jahon bozorida ham oltin narxi yuqori o‘sishdan so‘ng biroz pasayishni qayd etdi. Xususan, 20-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:31 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi bir troya unsiyasi uchun $4265,51 ni tashkil etdi.

Avvalroq Toshkentda birinchi oltin sotuvchi bankomat ishga tushgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, qurilmani Paynet kompaniyasi o‘rnatgan bo‘lib, u Tashkent City Mall savdo markazida joylashgan. Mazkur bankomat orqali 5, 10, 20, 50 va 100 grammli oltin quymalarni sotib olish mumkin. Narxlar O‘zbekiston Markaziy bankining rasmiy kursi asosida belgilanadi.