O‘zbekistondagi 320 ta vokzal va stansiyalar nomi almashtiriladi

O‘zbekistondagi vokzal, stansiya hamda razyezdlarning nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtiriladi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilindi.
Transport vazirligi hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ 3 oy muddatda barcha peshlavhalar va axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tili me’yorlariga mos shaklda qayta yozishi lozim.
Masalan, Qoraqalpog‘istonda hozirgacha Kungrad, Turtkul, Xodjeyli nomlari bilan yuritilgan vokzallar endi Qo‘ng‘irot, To‘rtko‘l, Xo‘jayli tarzida yoziladi.
Nomlarning o‘zgartirilishi bilan bog‘liq ravishda barcha ruxsat hujjatlari va ma’lumotlar bazalariga tegishli tuzatishlar kiritiladi.
Umuman olganda, ro‘yxatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi jami 320 ta obyekt – vokzal, stansiya va razyezdlar kiritilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatmagan viza markaziga chora ko‘rilgani haqida yozgandi.