
Parijdagi Luvr muzeyida o‘g‘rilik sodir bo‘ldi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Jinoyatchilar kran yordamida ikkinchi qavat oynasini sindirib, toj javohirlaridan iborat noyob kolleksiyani o‘g‘irlab qochgan.
Fransiya Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, voqea 19-oktabr kuni soat 9:30 atrofida Galereya d’Apollon bo‘limida yuz bergan. O‘g‘rilar kran o‘rnatilgan yuk mashinasi orqali binoga kirib, to‘rt daqiqa ichida o‘g‘rilikni amalga oshirishgan.
Fransiya madaniyat vaziri Rashida Dati bu hodisani yuqori darajada tashkil etilgan, professional jinoyat deb atadi. Uning aytishicha, hech kim jabrlanmagan, jinoyatchilar muzey xodimlariga tahdid qilmagan.
Dati ma’lum qilishicha, jinoyatchilar qochish vaqtida bitta javohirni tushirib qoldirishgan — bu buyum Napoleon III xotini, Imperatritsa Ejeniyaga tegishli toj bo‘lib, singan holda topilgan.
Ichki ishlar vaziri Loran Nunez esa jinoyatni uch-to‘rt kishilik guruh sodir etganini tasdiqladi.
«Bu buyumlar nafaqat tarixiy, balki pul bilan baholab bo‘lmaydigan qadriyatga ega», — dedi u.
Luvr ma’muriyati ijtimoiy tarmoqlarda muzey favqulodda sabablarga ko‘ra bir kunga yopilganini bildirdi. Tergov ishlarini qimmatbaho ashyolar o‘g‘irligi bo‘yicha ixtisoslashgan politsiya bo‘limi olib bormoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda sayyohlar eng ko‘p tashrif buyurgan beshta muzey nomi ochiqlangani haqida yozgandi.