Yangiliklar

Rossiyada spirtli ichimlik ta’sirida avtomobil boshqargan xorijliklar yashash ruxsatnomasidan mahrum etilishi mumkin

Tegishli qonun loyihasini Rossiya Davlat Dumasiga «Adolatli Rossiya — haqiqat uchun» partiyasi fraksiyasi taqdim etdi
Rossiyada mast holda mashina haydagan o‘zbekistonliklarni yashash ruxsatnomasidan mahrum qilish taklif qilinmoqda
Rossiyada mast holda mashina haydagan o‘zbekistonliklarni yashash ruxsatnomasidan mahrum qilish taklif qilinmoqda. Foto: «Samarskaya gazeta»

Endilikda Rossiyada spirtli ichimlik yoki giyohvandlik moddasi ta’sirida transport vositasini boshqargan migrantlar, jumladan, o‘zbekistonliklar ham mamlakatda yashash ruxsatnomasidan mahrum etilishi mumkin. Bu haqda TASS xabar berdi.

Tegishli qonun loyihasini Rossiya Davlat Dumasiga «Adolatli Rossiya — haqiqat uchun» partiyasi fraksiyasi rahbari Sergey Mironov va deputat Fedot Tumusov taqdim etgan. Tashabbusga ko‘ra, agar xorijiy fuqarolar mast holatda avtomobil boshqargan bo‘lsa, ularga vaqtincha yashash ruxsatnomasini berish rad etiladi yoki u bekor qilinadi.

Mironovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjatning qabul qilinishi yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish va harakat xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.

2025-yil boshiga ko‘ra, chet elda 1,35 millionga yaqin o‘zbekistonliklar mehnat qilmoqda. Shundan 698 ming nafari Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq Migratsiya agentligi Rossiyaga yuk tashuvchi o‘zbekistonlik haydovchilarga muhim eslatma bilan chiqqandi. 2025-yil holatiga ko‘ra, Rossiyada xalqaro avtomobil yuk tashishlarning 25 foizga yaqini o‘zbekistonlik haydovchilar tomonidan amalga oshirilmoqda. Biroq ayrimlar migratsiya qoidalariga amal qilmagani sababli Rossiya Ichki ishlar organlarining «kirishi man etilgan shaxslar» ro‘yxatiga tushib qolmoqda. Shu sababli agentlik har bir haydovchi qoidalarga qat’iy rioya qilishi kerakligini ta’kidlamoqda.