Samarqandda fermer xo‘jaligi Qoradaryodan noqonuniy qum-shag‘al qazib, tabiatga 43 mlrd so‘mlik zarar yetkazdi

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida joylashgan «M.M.M.N» fermer xo‘jaligi Qoradaryo daryosi hududidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy ravishda qazib olgani aniqlandi. Natijada tabiatga 43,12 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ma’lum qilishicha, holat viloyat boshqarmasi inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv chog‘ida fosh etilgan.
Qazib olish ishlari fermer xo‘jaligiga tegishli ekskavator va yuk mashinasi yordamida amalga oshirilgan.
Ayni paytda texnika vositalari vaqtincha jarima maydoniga joylashtirilgan, ish hujjatlari esa qonuniy baho berish va chora ko‘rish uchun Samarqand viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekiston belgilangan joyga chiqindi tashlamaganlar 224 mln so‘m jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edi.