
Samsung kompaniyasi Galaxy S24, S24 Plus, S24 Ultra va S24 FE modellari uchun chiqarilgan One UI 8 dasturiy yangilanishini o‘z serverlaridan olib tashladi. Bu haqda Sammobile xabar bermoqda.
Kompaniya so‘nggi haftalarda foydalanuvchilarda paydo bo‘lgan ayrim texnik nosozliklar sababli barqarorlik muammolarini aniqlaganini ma’lum qilgan. Samsung ilgari Galaxy S22 seriyasi uchun ham xuddi shunday yangilanishni bekor qilgan edi. Endilikda Galaxy S24 liniyasi ham shu holatga tushdi. Yangilanish hozircha faqat Janubiy Koreya serverlaridan o‘chirib tashlangan, boshqa mintaqalarga bu cheklov yetib borishi hozircha noma’lum.

Qizig‘i shundaki, Janubiy Koreyada hozircha Galaxy S22 modellari uchun ham One UI 8 yangilanishi qayta tiklanmagan, boshqa hududlarda esa tarqatish jarayoni allaqachon davom etmoqda (faqat S22 Ultra bundan mustasno).
One UI 8 tizimi Galaxy S24 qurilmalari uchun deyarli bir oy avval chiqargan edi. Shunga qaramay, Samsung muammolarni faqat endi aniqlagani e’tiborni tortmoqda. Biroq foydalanuvchilar orasida jiddiy xatoliklar yoki ishlashdagi muammolar haqida keng shikoyatlar qayd etilmagan.
Avvalroq Samsung S25 Ultra va Vivo X300 Pro taqqoslangan edi.