Surxondaryoda fuqaroning tugallanmagan binosini hujjatlashtirishni va’da qilganlar ushlandi

Surxondaryo viloyatida qurilish loyihasini tasdiqlash jarayonida firibgarlik holati aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, qurilish ishlarini loyihalashtirishga ixtisoslashtirilgan mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ)ning arxitektori Muzrabot tumanida yashovchi fuqaroga tegishli, qurilishi tugallanmagan bino loyihasi tegishli joylardan tasdiqlatishga va’da bergan. U buning evaziga 17 million so‘m talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda arxitektor pulni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Shuningdek, tekshiruv davomida u olingan pulning bir qismini — 1 million so‘mni Muzrabot tumani Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘iga berishni rejalashtirgani aniqlangan. Mazkur mansabdor ham pulni olayotgan paytda ushlandi.
Hozirda ular ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq prezident farmoniga muvofiq, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi yiliga kamida uch marta davlat kosmik monitoring o‘tkazishi xabar qilingandi. Hisobotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon kosmik kuzatuvlar orqali 33 mingdan ziyod o‘zboshimcha qurilish qayd etilgan bo‘lib, ularning aksariyati qishloq xo‘jaligi yerlarida joylashgan. Shu sababli, davlat rahbari tomonidan mutasaddilarga noqonuniy qurilishlarni tezkor aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi yagona axborot tizimini yaratish topshirildi.