Yangiliklar

Rossiyaning yirik gaz zavodi Ukraina dron zarbasidan keyin faoliyatini to‘xtatdi

Rossiyaning yirik gaz zavodi ishini to‘xtatdi
Rossiyaning yirik gaz zavodi ishini to‘xtatdi
Foto: Reuters

Rossiyaning Orenburg viloyatidagi yirik gazni qayta ishlash zavodi Ukraina dronlari hujumi ortidan Qozog‘istondan gaz qabul qilishni to‘xtatdi.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida zavod sexlaridan birida yong‘in chiqqan, biroq olov keyinchalik o‘chirilgan. «Gazprom»ga qarashli korxona Orenburg gazkimyo majmuasining bir qismi bo‘lib, u yiliga 45 milliard kub metr gazni qayta ishlash quvvatiga ega. Zavod Qozog‘istonning Karachaganak konidan ham xomashyo oladi.

Bu Orenburg gaz zavodiga uyushtirilgan birinchi hujum bo‘lib, Ukraina bu zarbani tasdiqladi. Kiyev rasmiylari so‘nggi oylarda Rossiyaning neft va gaz infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirgan — bu orqali Rossiya yonilg‘i ta’minotini izdan chiqarish va urushni moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklash maqsad qilingan.

Foto: Reuters

Shuningdek, Rossiyaning Samara viloyatidagi neftni qayta ishlash zavodiga ham hujum qilingan. Viloyat gubernatori Vyacheslav Fedorishevga ko‘ra, havo mudofaasi kecha Ukraina dronlariga qarshi ishga tushgan, natijada aeroport va mobil internet ishlashi vaqtincha to‘xtatilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, bir kecha davomida mamlakat bo‘ylab 45 ta Ukraina droni urib tushirilgan, shulardan 12 tasi Samarada, 11 tasi Saratovda, biri esa Orenburg viloyatida.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Donald Tramp va Vladimir Putin Budapeshtda uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar bergan edi.