UzPost’ni xususiylashtirilishida Davaktivdan ochiqlik talab qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (Davaktiv) taqdimnoma kiritib, «O‘zbekiston pochtasi»dagi AJ (UzPost) davlat ulushini xususiylashtirish jarayonida ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilishni so‘radi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, UzPost transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, uning 29,4 foiz davlat ulushi ommaviy savdolar orqali xususiylashtirilishi rejalashtirilgan. Qonunchilikka binoan, bunday jarayonlarda barcha ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilinishi va tanlovlar teng raqobat muhitida o‘tkazilishi shart.
So‘nggi haftalarda UzPost’ning xususiylashtirilishi bo‘yicha ikki nomzod — O‘zbekistonning Uzum ekotizimi va Rossiyaning Wildberries onlayn platformasi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. 13-oktabr kuni Uzum UzPost’ni sotib olish bo‘yicha tanlovda ishtirok etishga tayyorligini bildirgan edi. Bir biridan mustaqil ommaviy axborot vositalari Wildberries ham xususiylashtirish jarayonida ishtirok etayotganini yozdi.
UzPost rasmiy bayonotida kompaniya modernizatsiya va raqamli xizmatlarni rivojlantirish uchun investitsiyalar jalb etish rejalari borligini bildirdi. Ammo xususiylashtirish masalasida rasmiy tasdiq yoki rad javobi berilmadi. UzPost’ning o‘tgan yillardagi moliyaviy hisobotiga ko‘ra, kompaniya 2024-yilda 603,5 milliard so‘m tushum va 843,9 million so‘m foyda bilan yilni yakunlagan.
Ma’lumot uchun, UzPost 1992-yilda tashkil etilgan O‘zbekistonning milliy pochta operatori. Bugungi kunda u 14 ta hududiy bo‘lim, 1600 dan ortiq aloqa shoxobchasi va 7000 dan ortiq xodimga ega. Kompaniya nafaqat pochta, balki to‘lov, obuna va moliyaviy o‘tkazmalar xizmatlarini ham ko‘rsatadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya investori UzPost ulushini sotib olgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.