Avto

Wuling Starlight 560 avtomobili haqida nimalar ma’lum

Tashqi ko‘rinish jihatidan Starlight 560 avvalgi Starlight 730 modelini eslatadi
Foto: CarNewsChina

SAIC-GM-Wuling (SGMW) yangi Wuling Starlight 560 avtomobilini taqdim etishga tayyorlanmoqda. CarNewsChina nashrining yozishicha, modelning rasmiy namoyishi 2025-yil oxirigacha bo‘lib o‘tadi.

Wuling Starlight 560 kompaniya uchun muhim yangilik hisoblanadi. Chunki u uch xil turdagi dvigatel bilan ishlab chiqariladi: benzinli (ICE), gibrid (PHEV) va to‘liq elektr (BEV).

Foto: CarNewsChina

Tashqi ko‘rinish jihatidan Starlight 560 avvalgi Starlight 730 modelini eslatadi. Benzin va gibrid variantlar Honeycomb naqshli qora radiator panjarasi va ikki qatlamli LED faralar bilan jihozlangan. Elektr versiyada esa old panel yopiq shaklda bo‘lib, faralar qora panel bilan tutashtirilgan, pastki qismida esa to‘rtburchak havo kirish teshigi joylashgan.

Avtomobilning o‘lchamlari 4745×1850×1755 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2810 mm. U 5 yoki 7 o‘rindiqli versiyalarda ishlab chiqariladi.

Foto: CarNewsChina

Texnik jihatdan benzinli versiya 1,5 litrli turbo dvigatel bilan ta’minlanadi. Uning quvvati 130 kVt (174 ot kuchi) bo‘lib, 6 pog‘onali mexanik yoki CVT uzatma bilan juftlashadi. Bu dvigatel Wuling Starlight 730 modelida ham qo‘llanilgan.

Gibrid versiya esa 1,5 litrli tabiiy so‘ruvchi dvigatel bilan ishlaydi. Uning quvvati 78 kVt (105 ot kuchi), batareyasi esa 20,5 kVt·soat hajmga ega. Bu variant CLTC standartida 100 km masofani faqat elektr quvvatida bosib o‘tishi mumkin. Avtomobilning og‘irligi 1 685 – 1 750 kg atrofida bo‘ladi.

Foto: CarNewsChina

Elektr versiya (BEV) 100 kVt (134 ot kuchi) quvvatdagi elektromotor bilan jihozlanadi. U 54,5 yoki 56,7 kVt·soatlik litiy temir fosfat batareya bilan ishlaydi. Bir zaryad bilan 450 km dan 500 km gacha masofa bosib o‘tish mumkin. Variantlar og‘irligi 1 630 dan 1 730 kg gacha.

Hozircha Wuling Starlight 560’ning ichki interyeri haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Ammo kompaniya odatdagidek zamonaviy multimedia tizimi, raqamli panel va ergonomik salon bilan ta’minlashi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xitoyda Jetta VS5 2026 savdosi boshlangani haqida yozgan edi.